O‘zbekistonda aholi kreditlari biznesnikiga nisbatan tezroq o‘smoqda
Markaziy bank 2026-yilning 1-iyun holatiga ko‘ra bank tizimidagi kreditlar tarkibini e’lon qildi. Banklar kredit portfelida eng katta ulush korporativ kreditlarga to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, aholi orasida ipoteka va kredit kartalariga talab yuqoriligicha qolmoqda.

Markaziy bank 2026-yil 1-iyun holatiga kreditlar tarkibini e’lon qildi. Unga ko‘ra yil yarmiga kelib bank tizimining jami kredit qoldig‘i 636 trln so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 5,3 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 12 foizga oshdi.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar
Bunda jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 232,9 trln so‘mga yetdi. Bu esa yil boshiga nisbatan 5,7 foiz o‘sish bo‘lganini ko‘rsatadi. Aholi kreditlari tarkibida eng yuqori ulush ipoteka kreditlariga to‘g‘ri keladi. Bugungi kunda bu turdagi kreditlarning hajmi 85,2 trln so‘mni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, mikrokreditlar hajmi 44,9 trln so‘mga yetib, 11 foizga oshgan bo‘lsa, mikroqarzlar hajmi 50,2 trln so‘mni tashkil etib, 2,6 foizga ko‘paydi. Bu kichik moliyalashtirish instrumentlariga talab hali ham yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Kredit kartalari va overdraftlar yo‘nalishi 24,3 foizga kengaydi. Jismoniy shaxslar kreditlari orasidagi eng katta o‘sish aynan shu segmentda kuzatildi. Bu aholining qisqa muddatli likvidlik vositalariga ehtiyoji ortayotganidan dalolat beradi.
Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar
Shu bilan birga, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi 403,1 trln so‘mga yetib, yil boshiga nisbatan 5,1 foizga oshdi. Bu borada korporativ kreditlash tizimi banklar tomonidan beriladigan kreditlarning asosiy qismini shakllantirmoqda.
Shuningdek, lizing va faktoring operatsiyalari 19,7 foizga, banklararo kreditlar esa 43,2 foizga oshgani biznes subyektlari uchun moliyalashtirish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Kredit portfelining tarkibiy tahlili bank tizimida ham aholi, ham biznes segmentlari bo‘yicha moliyalashtirish faolligi saqlanib qolayotganini, ayniqsa uy-joy, kichik biznes va qisqa muddatli likvidlik instrumentlariga talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Kreditlarning sohalardagi ulushi
Yuridik shaxslarga berilgan kreditlarning katta qismini sanoat sohasi ulushiga to‘g‘ri keladi. Bugunga kelib 139,5 trln so‘m miqdoridagi mablag‘ aynan shu sohaga yo‘naltirilgan. Taqqoslash uchun 2025 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 156,8 trln so‘mni tashkil qilgan edi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi uchun 67,2 trln so‘m, savdo va umumiy xizmatlar uchun 53,2 trln so‘m, transport va kommunikatsiyalar uchun 34,4 trln so‘m, qurilish sohasiga 21,6 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratilgan.





