Logo

O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajada qimmatladi

Kecha 22:002 daqiqa

AI-92 benzinining bir tonnasi uchun narx salkam 14 million so‘mgacha ko‘tarilgan va bu yangi mutlaq rekord hisoblanadi.

O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajada qimmatladi

O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida AI-92 markali avtomobil benzinining narxi tarixiy rekordni yangiladi va bir tonnasi uchun salkam 14 million so‘mga yetdi. Bu haqda birja savdolari ma’lumotlariga tayanib «Spot» nashri xabar bermoqda.

Iyun oyi boshidan buyon yoqilg‘i narxi qariyb 11,8 foizga qimmatlashgan va ayni vaqtda birjada taklif hajmi keskin kamaygan. Ma’lum qilinishicha, 29-iyun kuni AI-92 benzinining bir tonnasi uchun narx 13,919 million so‘mgacha ko‘tarilgan va bu yangi mutlaq rekord hisoblanadi.

Narxlarning eng keskin o‘sishi oyning birinchi yarmida kuzatilgan: 4-iyun kuni bir tonna benzin 12,476 million so‘m turgan bo‘lsa, 8-iyunga kelib uning narxi to‘rt kun ichida 10,5 foizga oshib, 13,788 million so‘mga yetgan. Keyingi ikki hafta davomida narx 13,7−13,8 million so‘m oralig‘ida tebranib turgan, 29-iyunga kelib esa yana ko‘tarilib, tarixiy maksimumga chiqqan.

Narx o‘sishi bilan bir vaqtda birjadagi yoqilg‘i taklifi hajmi ham qisqarib ketgan. Xususan, 1-iyunda 3791 tonna benzin taklif etilgan bo‘lsa, 23-iyunga kelib bu ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga kamayib, 1898 tonnani tashkil etdi. 29-iyunga kelib taklif hajmi yana 3123,2 tonnagacha oshgan bo‘lsa-da, narx pasaymagan.

Rossiyadagi taqchillikning ta’siri


Benzin narxlarining keskin sakrashi Rossiya bozorida yuzaga kelgan yoqilg‘i tanqisligi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Bunga Ukraina dronlari zarbalaridan so‘ng Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarida rejadan tashqari ta’mirlash ishlari olib borilayotgani sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, Rossiyada 1-apreldan boshlab benzin eksportiga to‘liq taqiq joriy etilgan edi. Biroq mazkur cheklov hukumatlararo kelishuvlar asosida amalga oshiriladigan yetkazib berishlarga taalluqli emas, shu bois u O‘zbekistonga tatbiq etilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda AI-92 benzini narxi rekord darajada qimmatladi | Vaqt.uz