Logo

O‘zbekistonda elektr iste’moli to‘rtinchi kun tarixiy rekordni yangiladi

Kecha 18:331 daqiqa

O‘zbekistonda yozgi elektr iste’moli yana tarixiy rekordni qayd etdi. Bir kunda iste’mol qariyb 300 mln kWh'ga yetdi, ishlab chiqarish ham eng yuqori darajaga ko‘tarildi.

O‘zbekistonda elektr iste’moli to‘rtinchi kun tarixiy rekordni yangiladi © kapital.kz

O‘zbekiston yagona energetika tizimida 2026 yil 17-iyul kuni yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 293,4 mln kWh'ni tashkil etib, yangi tarixiy rekord o‘rnatildi. Bu o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan 20,8 mln kWh'ga yoki 7,6 foizga yuqori.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shu kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga chiqib, mamlakatda bir sutkada 296,1 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 16-iyul kuni qayd etilgan rekorddan 0,7 mln kWh'ga yoki 0,24 foizga ko‘p.

Kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari ishlab chiqarishi ham hisobga olinganda, 17-iyul kuni umumiy elektr ishlab chiqarish hajmi 305 mln kWh'ga yetdi. Bu avvalgi kunga nisbatan 9,6 mln kWh yoki 3,2 foizga ko‘proqdir.

Vazirlikka ko‘ra, dispetcherlik xizmatlari elektr tarmoqlaridagi yuklama, elektr tarmoqlari va transformatorlarning texnik holatini real vaqt rejimida doimiy monitoring qilib boradi.

Shuningdek, Energetika vazirligi iste’molchilarni elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishga chaqirdi.

«Hurmatli iste’molchilar! Elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishingizni so‘raymiz. Zarurat bo‘lmagan hollarda elektr jihozlaridan foydalanishni cheklash orqali elektr tarmoqlaridagi ortiqcha yuklamani kamaytirish, avariyaviy holatlar hamda uzilishlarning oldini olishga barchamiz birdek hissa qo‘sha olamiz», — deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq issiq sabab ayrim hududlarda 2 soatgacha elektr energiyasi o‘chirilishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid