Logo

O‘zbekistonda gaz importi eksportdan 3,5 barobarga oshdi

O‘zbekiston besh oyda $724,7 mlnlik tabiiy gaz import qildi. Bu davrda mahalliy gaz qazib chiqarish hajmi 2,6 mlrd kub metrga kamaygan. Vaqt.uz yoqilg‘i-energetika bozoridagi so‘nggi o‘zgarishlarni tahlil qildi.

O‘zbekistonda gaz importi eksportdan 3,5 barobarga oshdi © Kapital.kz / Ruslan Pryanik

2026 yilning yanvar–may oylarida O‘zbekiston tabiiy gazni eksport qilganidan ko‘ra sezilarli darajada ko‘proq import qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Hisobot davrida tabiiy gaz importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 84,1 foizga oshib, 724,7 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Shundan 68,2 mln dollari suyultirilgan gaz (propan) xaridlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Propan importi bir yil ichida 3,3 barobarga ko‘paygan.

Oylar kesimida eng katta import hajmi may oyida 216,4 mln dollar qiymatida qayd etildi. Yanvarda bu ko‘rsatkich 167,6 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, fevralda 34,6 mln dollargacha pasaydi. Mart va aprel oylarida esa mos ravishda 158,3 mln hamda 147,8 mln dollarlik gaz xarid qilingan.

1

Gaz eksporti kamaymoqda

Tabiiy gaz eksportida esa aksincha pasayish kuzatilmoqda. 2026 yilning dastlabki besh oyida eksport hajmi 29,6 foizga qisqarib, 202,9 mln dollarni tashkil etdi.

Yanvar oyida gaz eksporti amalga oshirilmagan. Fevralda yetkazib berish qayta tiklanib, 7,1 mln dollarni tashkil qilgan. Mart oyida eksport 29,4 mln dollarga, aprelda esa 92,7 mln dollargacha oshgan. May oyida ko‘rsatkich 73,5 mln dollar atrofida bo‘lgan.

Ammo Vaqt.uz o‘rgangan O‘zbekiston va Xitoy statistikalari o‘rtasida farq mavjud. Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–may oylarida O‘zbekistondan Xitoyga gaz eksporti 139,6 mln dollarni tashkil qilgan. Ikki davlat statistikasi orasidagi tafovut 76,8 mln dollardan oshadi.

3

Xitoyga gaz yetkazib beruvchi davlatlar orasida Rossiya yetakchilik qilmoqda — 3,8 mlrd dollar. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston ($3,32 mlrd), Myanma ($624,4 mln), Qozog‘iston ($309,4 mln) va O‘zbekiston ($139,6 mln) joylashgan.

Energiya mahsulotlarida import hajmi yuqori

2026 yil yanvar–may oylarida O‘zbekistonning mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar importi 1,86 mlrd dollarni tashkil etdi. Eksport esa 660,7 mln dollarga yetgan.

Neft va neft mahsulotlari bo‘yicha ham tashqi xaridlar ustunlik qilmoqda. Besh oyda ushbu mahsulotlar importi 1 mlrd dollardan oshgan, eksport esa 357,7 mln dollarni tashkil etgan.

Ko‘mir, koks va briketlarda esa import hajmi 74,2 mln dollarni tashkil qilgan vaqtda atigi 1,3 mln dollarlik mahsulot chetga sotilgan. Ya’ni import eksportdan qariyb 57 barobar yuqori darajada saqlanmoqda.

Elektr energiyasi sektorida esa holat aksincha, besh oyda elektr eksporti 98,8 mln dollarni, import esa 55,1 mln dollarni tashkil etdi. Eksport importdan 43,7 mln dollarga yuqori qiymatda shakllangan.

Umumiy hisobda, O‘zbekiston 2026 yilning dastlabki besh oyida mineral yoqilg‘i va energiya mahsulotlari bo‘yicha ko‘proq import qiluvchi davlat sifatida qolgan. Import hajmi eksportdan 1,2 mlrd dollarga ko‘proq bo‘lgan.

Gaz qazib olish hajmi uchinchi yil ketma-ket pasaymoqda

Energetika importining ortishi fonida mahalliy ishlab chiqarishda ham pasayish kuzatilmoqda.

2026 yil yanvar–may oylarida yirik sanoat korxonalari tomonidan 15,8 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarildi. Taqqoslash uchun:

  • 2025 yilning shu davrida — 18,4 mlrd kub metr;

  • 2024 yilda — 18,9 mlrd kub metr.

Ya’ni ikki yil ichida besh oylik ishlab chiqarish hajmi qariyb 3,1 mlrd kub metrga kamaygan.

Gaz kondensati ishlab chiqarish ham qisqargan. 2026 yilning yanvar–may oylarida 391,7 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarildi. Qiymat 2025 yilga nisbatan 90 ming tonnadan ortiq qiymatda kamaygan.

Neft qazib chiqarish hajmi ham pasayib, 261,9 ming tonnani tashkil qildi. 2025 yilning mos davrida 270,8 ming tonna, 2024 yilda esa 305 ming tonna neft ishlab chiqarilgan.

Ayrim sanoat mahsulotlarida o‘sish bor

Barcha yo‘nalishlarda ham pasayish kuzatilmagan. Dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 2026 yil yanvar–may oylarida 476,4 ming tonnaga yetdi. Bu 2025 yilga nisbatan 34 ming tonnaga ko‘p.

Avtomobil benzini ishlab chiqarish esa 502,2 ming tonnani tashkil etdi. Portlandsement ishlab chiqarish ham o‘sib, 8,2 mln tonnaga yetdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 2 mln tonnaga ko‘proq.

Bundan tashqari, besh oy davomida 317,1 ming tonna ip-kalava hamda 630,4 ming tonna yumshoq bug‘doy va spelta uni ishlab chiqarilgan.

Alohida qayd etish kerakki, gaz qazib olish hajmining pasayishi O‘zbekistonda 2019 yildan buyon kuzatilmoqda. O‘sha yili mamlakatda 60 mlrd kub metrdan ortiq gaz ishlab chiqarilgan.

2

2025 yilda gaz qazib olish hajmi 42,3 mlrd kub metrgacha tushib, so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga aylandi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, 2026 yilda ham ushbu tendensiya saqlanib qolib, ishlab chiqarish 40,2 mlrd kub metrgacha kamayishi kutilmoqda.

Rejaga ko‘ra, 2026 yildan keyin gaz qazib olish yana o‘sish bosqichiga o‘tadi va 2030 yilga kelib 48,5 mlrd kub metrga yetadi.

Kelgusi yillarda gaz qazib olish hajmi quyidagicha bo‘lishi prognoz qilinmoqda:

  • 2027 yil — 42,9 mlrd kub metr (+6,7 foiz);

  • 2028 yil — 44,5 mlrd kub metr (+3,7 foiz);

  • 2029 yil — 45,5 mlrd kub metr (+2,2 foiz);

  • 2030 yil — 48,5 mlrd kub metr (+6,6 foiz).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi kelgusi yillarda qariyb 70 foizga oshishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Tomonlar yillik import hajmini 11 mlrd kub metrgacha yetkazish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu 2025 yildagi taxminan 7 mlrd kub metrlik ko‘rsatkichdan 4 mlrd kub metrga ko‘p.

Hajmlarni oshirish amaldagi quvurlar imkoniyatiga bog‘liq bo‘lib, Qozog‘iston o‘z hududidagi tranzit infratuzilmasini tayyorlaganini bildirgan. Ostona jarayonda Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazish uchun tranzit davlat sifatida ishtirok etmoqda.

Teglar

null null

MaftunaMaqolalar soni: 51

Barchasi

Mavzuga oid