O‘zbekistonda har ikki qarzdordan biri daromadining yarmidan ko‘pini qarzini uzishga sarflamoqda
Markaziy bank o‘tkazgan so‘rovnoma O‘zbekistonda qarz yuki aholining katta qismi uchun dolzarb muammoga aylanganini ko‘rsatdi. Qarzdorlarning 61 foizi kreditlarini o‘z vaqtida qaytarishda qiynalayotganini bildirgan.
© Ijtimoiy tarmoqlarMarkaziy bank 2025 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhi doirasida aholining qarz yukini baholash maqsadida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e’lon qildi. Tadqiqot 2026-yilning 20–27-yanvar kunlari mamlakatning barcha hududlarida o‘tkazilgan bo‘lib, unda qariyb 5800 nafar fuqaro ishtirok etgan. Qarz yukini baholashda respondentlarning banklar hamda bankdan tashqari moliyaviy tashkilotlar oldidagi majburiyatlari hisobga olingan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 77 foizi o‘zi yoki oila a’zolaridan kamida birida bank yoki bankdan tashqari qarz majburiyati mavjudligini bildirgan.
Shu bilan birga, respondentlarning 68 foizi bank kreditlariga ega ekanini aytgan. Ularning har besh nafaridan birida, ya’ni 21 foizida bank krediti bilan bir qatorda bankdan tashqari qarz majburiyatlari ham mavjud.

Eng e’tiborli jihatlardan biri qarzlarni o‘z vaqtida qaytarish bilan bog‘liq vaziyat bo‘ldi. Qarz majburiyatiga ega bo‘lgan respondentlarning 61 foizi kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishda qiynalayotganini ma’lum qildi. Qolgan 39 foiz ishtirokchi esa bunday muammoga duch kelmayotganini bildirgan.
Kreditlar qaysi maqsadda olinmoqda?
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholi eng ko‘p uy-joy sotib olish yoki ta’mirlash uchun kredit jalb qilgan. Buni respondentlarning 20 foizi qayd etgan. Ikkinchi o‘rinda avtomobil xaridi turibdi — ishtirokchilarning 18 foizi kreditni aynan shu maqsadda rasmiylashtirgan.
Shuningdek, iste’mol tovarlarini xarid qilish, ta’lim olish, kundalik ehtiyojlarni qoplash, tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish, davolanish hamda to‘y xarajatlari uchun ham kredit olingani ma’lum bo‘ldi.

So‘rov yana bir muhim holatni ko‘rsatdi. Qarz oluvchilarning qariyb 8 foizi avvalgi qarzlarini so‘ndirish maqsadida yangi kredit olganini bildirgan. Bu esa ayrim oilalarda qarz yuki bir kredit hisobidan emas, balki ketma-ket jalb qilinayotgan yangi qarzlar orqali shakllanayotganini anglatadi.
Jami respondentlarning 68 foizida barcha qarzlar bo‘yicha oylik to‘lovlar 6 million so‘mdan kamni tashkil etgan. Eng ko‘p uchraydigan toifa esa oyiga 2 milliondan 4 million so‘mgacha kredit to‘laydiganlar bo‘lgan.

Qarz yuki daromadning yarmiga yetgan
So‘rov natijalari aholining katta qismi daromadining salmoqli qismini kredit to‘lovlariga sarflayotganini ham ko‘rsatdi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, bankdan qarz olgan respondentlarning o‘rtacha qarz yuki darajasi 51 foizni tashkil etgan. Mediana ko‘rsatkichi esa 47 foiz bo‘lgan.

Ushbu ko‘rsatkich bank va bankdan tashqari qarzlar bo‘yicha jami oylik to‘lovlarning oilaning asosiy va qo‘shimcha daromadlariga nisbati asosida hisoblangan.
Taqsimotga ko‘ra, respondentlarning 47 foizida qarz yuki daromadining yarmidan yuqori darajaga chiqqan.
Xususan, ishtirokchilarning qariyb 27 foizida qarz to‘lovlari daromadning 76 foizi va undan ortiq qismini tashkil etgan. Yana 20 foizida esa bu ko‘rsatkich daromadning 51–75 foizi oralig‘ida bo‘lgan.
Shu bilan birga, respondentlarning 31 foizi daromadining 26–50 foizini qarz to‘lovlariga yo‘naltirayotganini bildirgan. Faqat 22 foiz ishtirokchi daromadining chorak qismidan kamini kredit to‘lovlariga sarflayotganini aytgan.
Markaziy bank qayd etishicha, 2024 yil birinchi yarmidagi so‘rov bilan taqqoslaganda, qarz yuki daromadning 50 foizidan yuqori bo‘lgan qarz oluvchilar ulushi 1 foiz bandiga kamaygan.
Kelgusi oylarda yangi qarz olish rejalari
Qarz majburiyatiga ega respondentlarning 47 foizi keyingi olti oyda to‘lov qobiliyati yaxshilanishiga ishonishini bildirgan. 42 foizi vaziyat o‘zgarmasligini, 11 foizi esa moliyaviy ahvoli yomonlashishini kutmoqda.
So‘rov ishtirokchilarining 15 foizi keyingi olti oy ichida o‘zi yoki oila a’zolari qo‘shimcha kredit olish ehtiyoji paydo bo‘lishini bildirgan. Aksincha, 71 foiz yangi qarz olishni rejalashtirmayotganini aytgan. Qolgan 14 foiz esa hali bu borada bir qarorga kelmagan.
Yangi kredit jalb qilishni rejalashtirayotganlarning qariyb chorak qismi uni uy-joy sotib olish yoki ta’mirlashga sarflashni ko‘zlagan. Keyingi o‘rinlarda avtomobil xaridi, boshqa shaxsiy ehtiyojlar hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish maqsadlari qayd etilgan.

Daromadlari
Tadqiqotda ishtirok etganlarning eng katta qismi — 28 foizini besh kishilik oilalar tashkil etgan.

Respondentlarning aksariyati oilasining o‘rtacha oylik asosiy daromadi 12 million so‘mdan oshmasligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, ishtirokchilarning atigi 19 foizida qo‘shimcha daromad manbai mavjud. Ular orasida ham 58 foiz qo‘shimcha oylik daromadi 4 million so‘mdan kam ekanini bildirgan.
