
O‘zbekistonda Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bilan uchrashuv o‘tkazildi
20.05.2025 | 11:4522152
Joriy yil 19 may kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) delegatsiyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyalarga Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Tatyana Proskuryakova va OTBning O‘zbekistondagi rahbari Kanokpan Lao-Araya boshchilik qildi.

Muloqotda xalqaro moliya institutlari mutaxassislari, shu jumladan sog‘liqni saqlash, davlat moliyasi, infratuzilma va barqaror rivojlanish bo‘yicha yetakchi ekspertlar ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligining yuqori darajali vakillari qatnashdi.
Tomonlar iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini muhokama qildi. Jumladan, Jahon bankining «Natijaga asoslangan kreditlash dasturi» (PforR) kabi zamonaviy vositalarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Jahon banki mutaxassisi Min Jao Xitoyda ushbu dasturdan foydalanish tajribasini taqdim etdi. Ushbu mexanizm orqali milliy dasturlar samaradorligi oshgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish borasida kelishuvga erishdi.





