
O‘zbekistonda qisqa fursatga to‘xtagan Jorja Meloni Mirziyoyev bilan uchrashdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Bugun, 19-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtda qisqa fursatga to‘xtagan Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqilgan. 2025 yilning may oyida Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Italiyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Italiya kinosi kunlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zbekistonning navbatdagi Venetsiya biyennalesida ishtirok etishi hamda bu yil Milanda amaliy san’at va muzey ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini O‘zbekistonga alohida tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Ma’lumot uchun, ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalarning soni barqaror o‘sib bormoqda. Hududlararo, shu jumladan, Lombardiya bilan almashinuvlar rivojlanmoqda. O‘zbekiston fuqarolarining tartibli mehnat migratsiyasi uchun kvotalar ajratildi.
“Finopera”, “ANCI”, “Pietro Fiorentini”, “Danieli” va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda yirik sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. O‘tgan yil oxirida Samarqandda Tushia universitetining filiali ochildi.
Joriy yilda tashqi siyosat idoralari strategik muloqoti va hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishlari, shuningdek, ikkinchi Rektorlar forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.





