
O‘zbekistonda uy-joy bozorida so‘nggi ikki yillikdagi rekord o‘sish qayd etildi
14.08.2025 | 13:3014504
Iyul oyida uy-joy savdosi hajmi 26 mingdan oshib, bir oyda 25 foiz, yillikda esa 14,2 foizga o‘sdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil iyul oyi O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori uchun so‘nggi ikki yildagi eng faol davr bo‘ldi. Uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 26 mingtadan oshib, iyun oyiga nisbatan 25 foizga ko‘p qayd etildi. Yillik hisobda o‘sish sur’ati 14,2 foizni tashkil qildi.
Hududlar kesimida eng katta faollik Surxondaryo (41 foiz), Sirdaryo (35,3 foiz) va Qashqadaryo (33,7 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Toshkent shahrida savdo hajmi oylikda 24,6 foizga o‘sdi.
Ikkilamchi uy-joy bozorida ham narxlar oshishda davom etdi. Iyun oyidagi 0,3 foizlik o‘sishdan so‘ng, iyul oyida o‘rtacha bozor qiymati 1,7 foizga ko‘tarildi. Yillik hisobda esa o‘sish 3,3 foizni tashkil qildi. Jizzax (15,2 foiz), Surxondaryo (14,1 foiz) va Xorazm (9,6 foiz) viloyatlarida eng yuqori yillik o‘sish qayd etildi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxlari iyul oyida o‘rtacha 0,8 foizga oshgan bo‘lsa-da, yillikda 3,2 foizlik o‘sish qayd etildi. Birlamchi uy-joy narxlari esa yillikda 0,9 foizga pasaydi. Ikkilamchi bozorda eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek (-8,2 foiz), Yashnobod (-4,5 foiz) va Yunusobod (-4,2 foiz) tumanlarida kuzatildi. Birlamchi uy-joylar bo‘yicha Uchtepa (-8,8 foiz), Yunusobod (-6,7 foiz) va Shayxontohur (-4,7 foiz) tumanlari yetakchi bo‘ldi.
Ijara bozorida esa Toshkentda barqarorlik saqlandi — o‘rtacha bir kvadrat metr uchun 8 dollar. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi 10,3 dollar atrofida qoldi. Yillikda ijara narxlari 2,8 foizga pasaydi, asosan Uchtepa, Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida.





