Logo

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi sun’iy intellekt kurashadi

Bugun 22:252 daqiqa

Prezidentga yashirin iqtisodiyotni aniqlashda sun’iy intellektdan foydalanuvchi yangi tizim taqdim etildi. U xavflarni avtomatik baholaydi.

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotga qarshi sun’iy intellekt kurashadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va sohada prokuror nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 35 foizdan 23 foizgacha kamaygan. Buning natijasida budjetga qo‘shimcha 38 trillion so‘m undirilgan, rasmiy band aholi soni 8,5 million nafardan oshgan, o‘rtacha rasmiy ish haqi esa qariyb 6,5 million so‘mga yaqinlashgan.

Shu bilan birga, joriy yil birinchi choragida yashirin iqtisodiyot hajmi qishloq xo‘jaligida 81,1 trillion so‘m, savdo va xizmat ko‘rsatishda 24,5 trillion so‘m, qurilishda 23,9 trillion so‘m, sanoatda esa 6,7 trillion so‘mni tashkil etgan.

2030 yilgacha O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmini ikki barobar qisqartirish, rasmiy band aholi sonini 14 million nafarga, naqdsiz to‘lovlar ulushini esa 75 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Sun’iy intellekt xavflarni avtomatik aniqlaydi

Avvalroq, davlati rahbari tomonidan sohalar va hududlar kesimida yashirin iqtisodiyot xavfi, ehtimoliy budjet yo‘qotishlari hamda qo‘shimcha daromad manbalarini aks ettiruvchi yagona raqamli platformani yaratish vazifasi belgilangan.

Taqdimotda shu maqsadda bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan va sinov tariqasida ishga tushirilgan «Yashirin iqtisodiyot xaritasi» platformasining imkoniyatlari haqida axborot berilgan.

Taqdim etilgan platforma iqtisodiyotning 22 ta asosiy tarmog‘i, 85 ta soha, 14 ta hudud va 208 ta tuman hamda shahar kesimida yashirin aylanmalar xavfini tahlil qiladi.

Tizimga 16 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari integratsiya qilingan bo‘lib, ma’lumotlar real vaqt rejimida qayta ishlanadi.

Platforma tahlillari asosida yashirin iqtisodiyot xavfi va ehtimoliy budjet yo‘qotishi miqdoridan kelib chiqib, soha va hududlar avtomatik tarzda «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.

Platforma litsenziyasiz faoliyat yuritish, haqiqiy aylanmani yashirish, norasmiy bandlik, mehnatga haq to‘lash jamg‘armasini kamaytirish va foydani yashirish kabi xavflarni avtomatik aniqlaydi.

Platforma barcha sohalarni qamrab oladi

Prezident yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda asosiy e’tibor raqamlashtirish, ma’lumotlar almashinuvini kuchaytirish, inson omilini kamaytirish va nazoratni manzilli tashkil etishga qaratilishi zarurligini ta’kidlagan.

Mas’ullarga 1-oktabrga qadar 70 dan ortiq axborot tizimini yangi platformaga integratsiya qilish, 1-yanvargacha esa barcha hudud va sohalarni ushbu tizim bilan qamrab olib, uni to‘liq ishga tushirish topshirilgan.

Shuningdek, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda mutasaddilarning mas’uliyatini oshirishda prokuror nazoratini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan.

Teglar

Mavzuga oid