
O‘zbekistonga 10 oyda AQSH va Britaniyadan 600 ga yaqin kishi o‘qish uchun keldi
2025 yilda O‘zbekistonda ta’lim olish maqsadida kelgan orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Xitoy kabi xorijiy mamlakat fuqarolari borligi ma’lum qilindi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida 33 287 nafar xorijlik fuqaro O‘zbekistonga o‘qish maqsadida kelgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 307 nafarga ko‘p bo‘lib, o‘sish sur’ati 51,5 foizni tashkil etdi.
O‘zbekistonga kelgan talabalar tarkibi mamlakatlar kesimida tahlil qilinganda, Hindiston (14,3 ming nafar) fuqarolari yetakchi o‘rinni egallagan. Undan keyin Turkmaniston (8,3 ming nafar) va Tojikistondan (2,3 ming nafar) kelgan talabalar soni yuqori bo‘lgan. Shuningdek, Pokiston (1,6 ming nafar), Xitoy (1,2 ming nafar) va Janubiy Koreyadan (806 nafar) ham sezilarli miqdorda talabalar kelgani qayd etildi.
Hisobot davrida AQSHdan 429 nafar, Buyuk Britaniyadan esa 153 nafar fuqaro O‘zbekistonga o‘qish uchun kelgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Filippin, Misr, Qirg‘iziston va Turkiyadan ham salmoqli miqdorda talabalar kelgan. Boshqa davlatlardan esa 1431 nafar xorijlik fuqaro o‘qishga kelgani qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida: 2024/2025 o‘quv yilida O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga 381,7 ming nafar talaba qabul qilingani haqida xabar qilgan edik.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, chet el universitetlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar soni esa 150 mingdan oshiq va bu borada O‘zbekiston dunyo davlatlari ichida Xitoy va Hindistondan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi.





