Logo

Pensiya hisoblanadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi mumkin

Kecha 17:153 daqiqa

O‘zbekistonda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rag‘batlantirish, pensiya hisoblash tartibini o‘zgartirish hamda xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etish taklif qilinmoqda.

Pensiya hisoblanadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi mumkin

14-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi o‘n yilda mamlakatda pensiya miqdori 3,3 barobar oshirildi. Bugungi kunda eng kam pensiya 878 ming so‘mni tashkil etmoqda, bu esa 715 ming so‘mlik minimal iste’mol xarajatlaridan yuqori.

Taqdimotda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi rivojlangan mamlakatlarda pensiya mablag‘lari iqtisodiyot uchun uzoq muddatli resurs vazifasini o‘tayotgani qayd etildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda pensiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, iqtisodiyotga uzoq muddatli mablag‘larni jalb qilish mumkin. Buni Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari ham tasdiqlamoqda.

Shu bois pensiya tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish, jamg‘arib boriladigan, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

Hozirda fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Ushbu mablag‘larga hisoblanadigan yillik 10 foizlik daromad bank omonatlaridan qariyb ikki barobar kam.

Shu munosabat bilan mazkur tizimning jozibadorligini oshirish va aholini unda faol ishtirok etishga rag‘batlantirish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Rag‘batlantirish

Xususan, oylik ish haqi 7,6 million so‘mgacha (pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravari) bo‘lgan fuqaro jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga ish haqining 5 foizini o‘tkazsa, davlat tomonidan qo‘shimcha yana 2,5 foiz miqdorida mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Oylik ish haqi 7,6 million so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun esa to‘langan ijtimoiy soliqning shu miqdordan oshgan qismining 1 foizini ularning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazish taklif etildi.

Hisoblash tartibini o‘zgartirish

Taqdimotda pensiya miqdorini hisoblash tartibini takomillashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Amalda pensiya oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi besh yillik ish haqidan hisoblanadi. Shuningdek, ish haqining 6 million so‘mdan yuqori qismi hisobga olinmaydi. Bu ayrim hollarda fuqarolar pensiyasining o‘rtacha miqdori pasayishiga olib kelmoqda.

Shu bois pensiya hisoblanadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish hamda past daromad olingan ayrim davrlarni hisobdan chiqarish taklif qilindi.

Shuningdek, 2027 yildan boshlab pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini hozirgi 6 million so‘mdan 6,6 million so‘mga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi tartib asosida pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiya miqdori hozirgiga nisbatan 8 foizga oshirishi mumkin.

Shavkat Mirziyoyev pensiya tizimidagi o‘zgarishlar millionlab fuqarolarning hayoti va kelajagiga daxldor ekanini ta’kidlab, har bir taklifning ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirini puxta hisob-kitob qilish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Mutasaddilarga unday masalalarni aholi, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va blogerlarni jalb qilgan holda ochiq muhokama qilish, islohotlarning maqsadi va kutilayotgan natijalarini fuqarolarga aniq tushuntirish, shuningdek, xorijiy tajribani har tomonlama puxta o‘rganib, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini yaratish bo‘yicha qonun loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi marta 1-iyulda pensiya va nafaqalar 7 foizga oshirilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid