Prezident Farrux Zokirovni 80 yillik yubileyi munosabati bilan taqdirladi

Shavkat Mirziyoyev Farrux Zokirovni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirladi. Shuningdek, davlat rahbarining alohida qarori bilan Toshkent shahridagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga san’atkor nomi berildi. Qolaversa, «Yalla» bolalar ansambli faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident Farrux Zokirovni 80 yillik yubileyi munosabati bilan taqdirladi © Foto: president.uz

Bugun, 15-aprel kuni «Yalla» ansambli badiiy rahbari Farrux Zokirov Karimovich tavalludining 80 yilligi munosabati bilan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqdagi tegishli farmon Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Toshkentdagi musiqa maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi

Qolaversa davlat rahbari «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida»gi qarorni ham imzoladi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga (keyingi o‘rinlarda – Maktab) Farrux Zokirov nomi beriladi. Shuningdek, Farrux Zokirov nomidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quv-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirib borish va yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha badiiy-pedagogik kengash tashkil etiladi.

Maktabda:

• “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etiladi;

• Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etiladi;

• Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida rag‘batlantirib boriladi.

Yoshlar ijodiy laboratoriyasi

Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va san’at maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan iborat guruh shakllantirilib boriladi hamda ta’til davrida yozgi to‘garakka jalb etilib, estrada xonandaligi bo‘yicha maxsus bepul kurslarda o‘qitiladi.2026/2027 o‘quv yiliga qadar zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, u sahna jihoz va liboslari bilan ta’minlanadi. Maktab va yozgi to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib boriladi.

Yoshlar ijodiy laboratoriyasini tashkil etish, uni jihozlash va hududlardan o‘quvchilarni yozgi to‘garakka jalb etish, shu jumladan, ularning yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari to‘liq Davlat budjetidan qoplanadi.

Har yili Maktab va yozgi to‘garakning iqtidorli 5 nafar o‘quvchilari hamda ularning o‘qituvchi va konsertmeysterlarining nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat budjetidan qoplanadi. Bunda ushbu tanlovlar ro‘yxati Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Xalqaro tanlovlar g‘oliblari va ustozlari uchun pul mukofotlari

2026–2027 yillarda tajriba-sinov tariqasida xalqaro nufuzli tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan Maktab va yozgi to‘garak o‘quvchilari (jamoalari) hamda ularni tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster) quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

• “Gran-pri” va 1-o‘rin sohibi 30 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 20 million so‘m miqdorida;

• 2-o‘rin sohibi 20 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 10 million so‘m miqdorida;

• 3-o‘rin sohibi 10 million so‘m, o‘qituvchi (konsertmeyster) 5 million so‘m miqdorida.

Ushbu xalqaro nufuzli tanlovlarning g‘olib va sovrindorlari hamda ularning o‘qituvchi (konsertmeyster)larini rag‘batlantirish tartibi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Oliy va o‘rta maxsus san’at maktablariga imtihonsiz qabul

Qarorga muvofiq, maktabda a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilarning 10 nafarini Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi hamda maktab-internatlariga imtihonlarsiz qo‘shimcha kvota asosida qabul qilish tartibi joriy etiladi.

Farrux Zokirov ijro dasturi to‘liq notalashtirilishi va ularning to‘plamlari chop etilishi hamda respublika miqyosida ta’lim jarayonlariga keng tatbiq etilishini ta’minlaydi. Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Maktab binosini kapital ta’mirlash va hududini obodonlashtirish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin hamda 2026 yil yakuniga qadar qurilish-ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi qarorda belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Madaniyat vazirligiga 2026 yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 10 milliard so‘m ajratadi, 2027 yildan boshlab zarur mablag‘larni Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Teglar

Mavzuga oid