add

Prezident kunlik gaz qazib chiqarish hajmini oshirishni buyurdi

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz»ga bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rishi zarurligini aytdi.

Prezident kunlik gaz qazib chiqarish hajmini oshirishni buyurdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga ko‘paytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rish to‘g‘risida topshiriq berdi. Bu topshiriq «O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda aytildi.

Taqdimotda «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ekani qayd etildi. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga ko‘paytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rishi zarurligi ta’kidlandi.

Mavjud imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Gaz zaxiralarini o‘stirish uchun yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda esa ishlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Nafta ishlab chiqarish hozirda quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani, mahsulot esa 50 foiz arzon narxlarda eksport qilinayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Naftadan polimer mahsulotlari ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymatni 6 karra oshirish imkoniyati borligini hisobga olib, mavjud quvvatlarni to‘liq ishlatish choralarini ko‘rish topshirildi.

«O‘zbekneftgaz»ning moliyaviy holatini yaxshilash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda neft-gaz sohasida o‘g‘rilik va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Sohadagi korrupsion xavflarni oldini olish maqsadida «O‘zbekneftgaz» tuzilmasida raisning alohida o‘rinbosari lavozimi kiritilib, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etildi. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.

Prezident neft-gaz sohasida transformatsiyani chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olish hajmlarini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid