Prezident «Matonat madhiyasi» va «Millat fidoyilari» yodgorliklari poyiga gulchambar qo‘ydi

Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etdi.

Prezident «Matonat madhiyasi» va «Millat fidoyilari» yodgorliklari poyiga gulchambar qo‘ydi © Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8-may kuni Toshkentdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari G‘alaba bog‘ida 9-may Xotia va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi. An’anaga muvofiq, prezident Shavkat Mirziyoyev «Matonat madhiyasi» yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi.

«Bugun oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ko‘p millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi», – dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston roli

Ma’lumotlarga ko‘ra, fashizmga qarshi qonli janglarda o‘sha paytda 6 million 800 ming nafarni tashkil etgan aholining qariyb 2 million nafari ishtirok etgan. Shundan 540 mingga yaqini halok bo‘lgan, 158 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 50 mingdan ortig‘i konslagerlarda mislsiz qiynoq va azoblar tufayli halok bo‘lgan, 60 mingdan ziyodi nogiron bo‘lib qaytgan.
O‘zbekistonlik askar va ofitserlardan 214 mingga yaqini jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani ularning jasoratidan dalolat beradi.
O‘zbekiston urush yillarida frontning mustahkam ta’minot bazasiga aylangan, jang maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, kiyim va oziq-ovqatlar yetkazib turilgan. G‘oyat og‘ir sharoitga qaramay, xalqimiz urush hududlaridan ko‘chirib kelingan 1 million 500 mingga yaqin insonni, jumladan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolani o‘z bag‘riga olib, mehr ko‘rsatgan.

«Millat fidoyilari» majmuasi

Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi «Millat fidoyilari» xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
«Bir yil oldin mana shu hududda «Millat fidoyilari» majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik an’analari davomiyligini eslatib turadi», – dedi prezident.

Majmuada mustaqillik yillarida vatan ozodligi, el-yurt tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan 196 nafar harbiy xizmatchi va huquq-tartibot organlari xodimlarining nomlari muhrlab qo‘yilgan.

Davlat rahbari ota-onalarga shunday bahodir, dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar etib tarbiyalagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Xalqimiz navqiron yoshda dushmanga qarshi o‘zini qalqon qilgan bunday fidoyi qahramon o‘g‘lonlarimizni hech qachon unutmaydi. 2025-yilning o‘zida bu majmuani 650 mingga yaqin yurtdoshimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilgan.

Bu yerda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tarix, vatanparvarlik, «Kelajak soati» darslari o‘tkazilmoqda. Bunday ishlar, ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega va ularni davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Joriy yil buyuk Amir Temur bobomizning 690 yillik tavallud sanasi yurtimizda, chet ellarda keng nishonlanyapti.

Sohibqiron bobomizning davlatchilik, jasorat va qahramonlik mash’alasi bugun ham porlab turibdi. Bu ulug‘ an’anani jasur askar, ofitser va generallarimiz munosib tarzda davom ettirmoqda. Ular bizning katta boyligimiz, Vatanimizning ishonchli va mustahkam qalqonlari ekani ta’kidlandi.
«Bugun bu yerda saf tortib turgan «Temurbeklar maktablari» o‘quvchilari, mard harbiylarimiz timsolida Alpomish, Manguberdi va Amir Temurlarning yangi avlodini ko‘ramiz. Buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ilm va tajriba maktabi nafaqat muzeylarimiz, balki qalbimizga ham qaytmoqda. Bamisoli ular qayta tirilib, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini biz bilan birga barpo etmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini borib ko‘rgan har bir odam buni chuqur his etadi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, Vatanni himoya qilish – davlat va xalq uchun hech qachon kun tartibidan tushmaydigan masala. Bu barchamiz uchun – muqaddas va buyuk burch. Ayniqsa, bugungi o‘ta tahlikali zamonda bu o‘n karra, yuz karra dolzarb bo‘lib bormoqda.

Joriy yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi katta tantana bilan nishonlanadi. Ushbu ulug‘ sana «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz» degan ezgu shior asosida kutib olinayotgani zamirida, albatta, chuqur ma’no bor.

«Bugun yaqin-atrofimizdagi mintaqalarda bo‘layotgan qarama-qarshilik va urush-janjallarni ko‘rib turibmiz. Mana shunday murakkab vaziyatda milliy birlik va hamjihatlikni saqlash – eng katta kuch, eng katta boylik ekanini hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda. Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir. Bu haqiqatni chuqur anglab, harbiy qasamyodiga doimo sodiq bo‘lib kelayotgan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi», – dedi davlat rahbari.

«Millat fidoyilari» xiyoboni kechayu kunduz jasorat ovozi yangrab turadigan, tinchlik uchun kurashga chorlaydigan qutlug‘ maskan bo‘lib qolishi, minglab, millionlab Vatan posbonlarini tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimizning oila a’zolari va farzandlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Prezident «Matonat madhiyasi» va «Millat fidoyilari» yodgorliklari poyiga gulchambar qo‘ydi | Vaqt.uz