
Prezident Mirziyoyev «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini jadallashtirishni buyurdi
18.06.2025 | 20:152172
Yangi terminallar, ilg‘or uskunalar va eng og‘ir samolyotlarni qabul qilish quvvati — davlat rahbari poytaxtdagi aeroport loyihasi bo‘yicha tezkor ishlar olib borishni topshirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirib, qurilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, 4 kilometrlik uchish-qo‘nish yo‘lagi to‘liq yangilangan bo‘lib, u eng og‘ir toifadagi samolyotlarni ham qabul qilish salohiyatiga ega.
Ta’kidlanishicha, ayni vaqtda yuqori martabali mehmonlar va biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron hamda angarlar barpo etilmoqda. Loyiha ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologik uskunalar bilan jihozlanadi, bu esa aeroportning noqulay ob-havo sharoitida ham ishlashiga imkoniyat beradi.
Yangi aeroport joylashuvi jihatidan ham qulay hisoblanib, u Toshkent va Yangi Toshkent shaharlari uchun muhim transport xabiga aylanishi kutilmoqda.
Prezident aeroport terminallari arxitekturasi va texnik yechimlari bilan yaqindan tanishib, servis darajasini oshirish hamda qurilish sur’atini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.





