add

Prezident qishda aholi uchun elektrni uzluksiz yetkazib berishni topshirdi

02.12.2025 | 08:189143 daqiqa

Ekologik barqarorlik va qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

Prezident qishda aholi uchun elektrni uzluksiz yetkazib berishni topshirdi

O‘zbekistonda qish mavsumida energiya resurslari aholiga uzluksiz yetkazib berilishi shart. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 1-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shunday ko‘rsatma berdi.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiyaning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, oxirgi kunlarda mamlakat hududi bo‘ylab sovuq antitsiklon ta’siri kuchayib bormoqda. Natijada havo bosimi oshib, harorat pasaymoqda, inversiya hodisalari kuchaymoqda. Bunday sharoitda havodagi mayda zarrachalar yuqoriga ko‘tarilmay, pastki qatlamlarda to‘planib qolmoqda. Meteorologik sharoitlar tufayli havoning tabiiy tozalanish sur’ati sekinlashmoqda.

So‘nggi kunlarda havoni ifloslantirayotgan manbalarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Issiqxonalar, qurilish maydonlari, avtotransport vositalari va noqonuniy faoliyat yurituvchi ob’ektlar yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar, shahar bo‘ylab ko‘chalarni namlash, ariqlarni tozalash, favvoralarni ishga tushirish kabi barqarorlashtirish tadbirlari shular jumlasidan. Kuchaytirilgan tartibda reydlar va profilaktika ishlari olib borilmoqda.

Prezident mazkur choralarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham tizimli davom ettirish, aniqlangan qonunbuzarliklarni tezkor bartaraf etish, havoga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillarni qat’iy nazorat ostiga olishni topshirdi.

Maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha 933 million dollarlik loyihalar 6 ta hududda – Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida boshlangan, ammo boshqa viloyatlarda bu borada jiddiy harakat kuzatilmayapti. Boshlangan loyihalarda ham investorlarni infratuzilma – yo‘l, elektr, suv bilan ta’minlash ishlari talab darajasida emas.

Viloyatlar hokimliklari va Ekologiya milliy qo‘mitasiga kamchiliklarni bartaraf etib, kelgusi yilda qolgan hududlarda ham shunday loyihalarni boshlash topshirildi.

2030 yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish belgilangan. So‘nggi yillarda 47 ta poligon faoliyati tugatilib, rekultivatsiya qilindi, natijada 243 gektar yer tabiatga qaytarildi. Lekin hozirda ishlayotgan 132 ta poligonning aksariyatida haligacha himoya devorlari, “yashil belbog‘”, suv ta’minoti va ekologik xavfsizlik inshootlari tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

«Bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti va aholi e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Shu bois, maishiy chiqindi poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish zarur. Birinchi navbatda, odamlarning sohadan roziligiga erishishimiz kerak. Bu masalaga faqat chiqindini boshqarish emas, balki sanoat, energetika, ekologik madaniyat bilan uzviy bog‘liq yo‘nalish sifatida yondashish lozim», – degan davlat rahbari.

Mutasaddilarga rekultivatsiya qilingan 47 ta poligon yerini qayta foydalanishga kiritib, ularda “yashil maydon”lar barpo qilish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Mavjud poligonlarning barchasi atrofida “yashil belbog‘” yaratish, daraxt va ko‘chat ekish ishlarini poligonlarning yarmida bahor mavsumida, qolgan yarmida kuz mavsumida yakunlash vazifasi qo‘yildi.

2026 yildan bu ishlarga respublika byudjetidan har yili kamida 150 milliard so‘m ajratib borilishi belgilandi.

Oxirgi ikki yilda avvallari qayta ishlanmagan sanoat va xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 4,5 foizga olib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkich kamligi qayd etilib, sanoat va xavfli chiqindilar hosil bo‘layotgan va saqlanayotgan joylarni xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ishlash hamda utilizatsiya qilish bo‘yicha kamida 1 tadan loyihani boshlash zarurligi ta’kidlandi. Xavfli chiqindilarni nazorat qilish bo‘yicha yagona axborot-monitoring platformasini ishga tushirish topshirildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, imtiyozli shartlarda suyultirilgan gaz yetkazib berishda kamchiliklar saqlanib qolmoqda, talon-toroj holatlari uchramoqda. “Hududgazta’minot” tizimiga bu holatlarga chek qo‘yish, hududma-hudud yurib, aholining muammolarini hal etish topshirildi. Eskirgan elektr tarmoqlari va ortiqcha yuklamada ishlayotgan transformatorlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning barqaror ishlashini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, 1800 kilometr elektr tarmoqlarida ta’mirlash ishlari sifatsiz bajarilgani aniqlangan. Bosh prokuraturaga mazkur holatlarni o‘rganish va qonun ustuvorligini ta’minlash, “Energoinspeksiya”ga esa nazorat ishlarini yangicha yondashuv asosida tashkil qilib, favqulodda tartibda ishlashga o‘tish topshirildi.

Qish mavsumida energiya resurslari aholiga uzluksiz yetkazib berilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Teglar

Mavzuga oid