add

«Probka»da qolib ketgan Mirziyoyev, qamoqqa olingan hokim va 198 mln dollarga tushmayotgan Shota Rustaveli — 9 iyul dayjesti

09.07.2025 | 22:004179

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Probka»da qolib ketgan Mirziyoyev, qamoqqa olingan hokim va 198 mln dollarga tushmayotgan Shota Rustaveli — 9 iyul dayjesti
Karimova ishi ortida siyosat bormi? O‘zbekiston hukmati muhim bayonot bilan chiqdi O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovaga nisbatan sud ishlari qonuniy va xolis tarzda o‘tganini ma’lum qildi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi BMTning fikrlariga javob tariqasida bayonot e’lon qildi. Unda ta’kidlanishicha, Karimovaga nisbatan barcha jinoyat ishlari mamlakatning amaldagi qonunchiligi va xalqaro majburiyatlariga to‘liq rioya qilingan holda ko‘rib chiqilgan. Sud jarayonida unga advokat bilan maxfiy muloqot qilish, ish materiallari bilan tanishish imkoni berilgan. Milliy markaz BMT Inson huquqlari kengashi ishchi guruhi tomonidan bildirilgan «oshxonada sud qilingan» kabi iddaolarni asossiz deb atadi. Shuningdek, hibsga olish, tergov va sud muhokamalari belgilangan tartibda o‘tkazilgani qayd etildi.   Men ham tirbandlikda turdim – Prezident Prezident Shavkat Mirziyoyev tirbandlik muammosiga shaxsan duch kelganini aytib, hafta oxirida rulda harakatlanganda 15–20 daqiqa tiqilinchda qolganini ma’lum qildi. Bu haqda u 9 iyul kuni yo‘l harakati xavfsizligi va tirbandlikni kamaytirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida gapirdi. Prezident fuqarolar qatori o‘zining ham tirbandlikda turganini ta’kidlab, ayrim vazirlik va idoralar binosi joylashgan ko‘chalar yopib qo‘yilgani, yo‘llarni «parkovka» qilib olish holatlari aholida norozilik uyg‘otganini bildirdi.  Davlat rahbari haydovchilar uchun muloqot platformasi yo‘qligini tan oldi hamda asossiz taqiqlovchi belgilarni olib tashlash, jamoat transportidan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi. Ro‘yxatdan tashqari rahbarlar xizmat mashinalariga yo‘lda ustunlik berilmasligi belgilandi, qonunsiz «parkovka»larga qarshi kamera orqali nazorat kuchaytiriladi.   Jizzaxda hokim 10 ming dollar pora bilan ushlandi Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi va hokimlikning bosh mutaxassisi 30 ming dollar pora olishda gumonlanib, DXX tomonidan ushlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular xususiy kompaniya rahbariga yer maydonida ko‘p qavatli uylar qurishga ruxsat berish evaziga pul talab qilgan. 5 iyul kuni 10 ming dollar tuman hokimiga berilgan, qolgan 20 ming dollar esa 8 iyul kuni topshirilgan va hujjatlar rasmiylashtirilgan. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari pora olish jarayonida har ikki shaxsni fosh etdi. Hozirda tuman hokimi deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi, bosh mutaxassisga esa 168 va 211-moddalar asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.   «600 dollarlik xizmatga 13 ming dollar»: Farhod «avtozapchast» bozorida shantaj markazi fosh etildi Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi Farhod avtozapchastlar bozorida 12 nafardan iborat jinoiy guruh tovlamachilik va firibgarlikda ayblanib, DXX hamda IIV tomonidan hibsga olindi. Ular fuqarolarning roziligisiz avtomashinalariga uskunalar o‘rnatib, asossiz katta mablag‘lar talab qilgan. Bir holatda 600 dollarlik xizmat uchun 13 300 dollar undirilgan, yana boshqa holatlarda esa mijozlar kalitlari olib qo‘yilib, yuzlab million so‘m to‘lashga majburlangan.  Jinoyatchilar 70 million so‘mdan ziyod mablag‘ni va’da qilingan ishni bajarmasdan o‘zlashtirgan. Guruh a’zolarining ko‘pchiligi avval jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar bo‘lib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 va 168-moddalari asosida ish ochilib, qamoqqa olindi. Tergov davomida ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi ham o‘rganilmoqda.   Shota Rustaveli ko‘chasi 198 mln dollarga rekonstruksiya qilinadimi? Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilishga 198 million dollar sarflanishi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi. Transport vazirligi bu summa butun Toshkent shahri bo‘ylab 200 kilometrga yaqin yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich yangilash uchun mo‘ljallanganini ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, har bir loyiha bo‘yicha yakuniy xarajat faqat amalga oshirilgan real ishlar asosida aniqlanadi. Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bir qatorda Amir Temur shoh ko‘chasi, Shahrisabz va Yangi Sergeli ko‘chalari hamda Olmazor tumanidagi yirik yo‘l ob’ekti rekonstruksiyasi birinchi bosqichda 50 million dollarga baholangan. Toshkent shahar hokimligi, «TIC Engineering», «Tashkent Invest» AJ va Xitoyning «China State Construction Engineering Corporation» kompaniyasi bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid