
«Qachon? Qachon boshlaysizlar?» Ahmadxo‘jayev jizzaxliklar AES qurilishini intizor kutyotganini aytdi
03.10.2025 | 21:1525785
Avvalroq iqtisodchi va faollar AES qurilishidan norozi bo‘lgan edi. «O‘zatom» rahbariga ko‘ra, Jizzax aholisi AES qurilishini qo‘llab-quvvatlamoqda va ishlarning boshlanishini kutmoqda.

«O‘zatom» rahbari Azim Ahmadxo‘jayevning ta’kidlashicha, Jizzax aholisi AES qurilishini qo‘llab-quvvatlamoqda va ishlarning boshlanishini intizor kutmoqda. Bu haqda u Moskvada bo‘lib o‘tgan World Atomic Week forumida so‘z ochdi, deya yozmoqda Gazeta.uz.
«Mahalliy aholimiz: „Qachon? Qachon boshlaysizlar?“ deb so‘rayapti. Ular ishning boshlanishiga har tomonlama ko‘maklashmoqda, oqsoqollar qurilish maydoniga kelib, qiziqishmoqda. Nima uchun? Chunki ular bu loyiha ko‘p qirrali ta’sirga ega ekanligini va nafaqat mintaqaga, balki butun viloyatga barcha yo‘nalishlarda rivojlanish olib kelishini tushunishadi», - degan Azim Ahmadxo‘jayev. Uning so‘zlaridan Gazeta.uz iqtibos keltirdi.
Uning ta’kidlashicha, stansiya boshqa sohalarni rivojlantirish uchun «trigger» bo‘ladi.
«Odamlar bu stansiyaga xizmat ko‘rsatish uchun ulkan maishiy xizmat klasterini yaratish kerakligini tushunishadi. Masalan, ijtimoiy, infratuzilma ob’ektlari quriladi. Viloyatda hayot sifati karrasiga oshadi», - degan u.
Uning ta’kidlashicha, odamlar shu bilan birga o‘z vatanlarida qolishni xohlashadi.
«Biz ularning hech qayerga ketishni istamasligiga qat’iy ishonchni ko‘rmoqdamiz. Ular bu taraqqiyotning ishtirokchisi va bu yo‘nalishda peshqadam bo‘lishni istaydilar. Ular o‘z misolida boshqa hududlarga ham aslida yaxshi, yuqori madaniyat darajasida yashash mumkinligini ko‘rsatishlari, shu bilan birga bunyodkorlik jarayonlarida ishtirok etishlari va mintaqa rivojlanish tarixining bir qismi bo‘lishlari mumkin», - degan «O‘zatom» rahbari.
O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasida birinchi energoblok 2033 yilda, ikkinchisi esa 2035 yilda ishga tushiriladi. Shuningdek, 2029 yilda Jizzax viloyatida kichik AESning birinchi energoblokini ishga tushirish rejalashtirilgan, oradan yana yarim yil o‘tib ikkinchi blok ham faoliyat boshlaydi.
Rasmiylar aholining ijobiy kayfiyatini qayd etayotgan bir paytda, jamoatchilikda katta qismi, ayniqsa iqtisodchilar va ekologlar, bunday loyihaning shaffofligi va haqiqiy iqtisodiy samarasiga ishonmayapti.
«AES qurilishini «elektr arzon bo‘ladi» degan vaj bilan xaspo‘shlashmoqda. Qanday qilib, gaz, quyosh, shamol va suvdagi analoglaridan karrasiga qimmat (loyiha qiymati shishirilmaganda ham) AES elektr energiyasi (8-12 sent) narxni arzon qiladi, aniqlik kiritilmagan. Texnik-iqtisodiy asoslarda tannarxi o‘zi qancha bo‘ladi, energojanob, deya savol bermagan muxbir. Bilmadim. Yo o‘zbekistonliklarning xotirasi kalta, deb o‘ylashadi yoki bir martalik matohdek energoyolg‘onlarni yana qayta ishlatsa bo‘laveradi, deb hisoblashadi», - deya yozgan iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov.





