Qahramonjon Olimov yana “Anorbank”ning asosiy egasi bo‘lib oldi
Olimovni Parij markazida o‘g‘irlab ketishgani, bu holat sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi.

2025-yil oxirida asosiy egasi xorijiy kompaniyaga o‘zgargan “Anorbank”, yana asosiy aksiyodorini o‘zgartirmoqda. Bu haqda Yagona korporativ axborot portalida ma’lum qilindi.
Dekabr oyida Qahramonjon Olimovning bankdagi ulushi 99,38 foizdan 49,38 foizgacha qisqargandi. Unga tegishli tegishli 50 foiz aksiyalar Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasi hisobiga o‘tkazilgandi.
2026-yilning yanvar oyida “Anorbank” qiymati 50 mlrd so‘mlik, har birining nominal qiymati 1 000 so‘mdan bo‘lgan 50 mln dona aksiyalar chiqargan edi.
Bu aksiyalarning barchasi Qahramonjon Olimov nomidan joylashtirildi. Natijada Olimovning bankdagi ulushi 49,38 foizdan 52,36 foizga ko‘tarildi.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Olimov Kapital Sug‘urta sug‘urta kompaniyasining ham asosiy egasi hisoblanadi.
2025-yilda “Anorbank”ning sof foydasi 112,5 mlrd so‘mga ko‘payib, 302,8 mlrd so‘mni tashkil qilgani haqida dastlabki ma’lumotlar tarqalgan.
Avvalroq Qahramonjon Olimov Parij markazida noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va tovon puli to‘langach ozod qilingani haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinchalik bu holat sahnalashtirilgani gumon qilingandi.





