
Qand, gipertoniya, semizlik: O‘zbekistonliklarning 67 foizi meva-sabzavotni yetarlicha iste’mol qilmayapti
06.08.2025 | 21:008203
Strategik islohotlar agentligi mamlakatda ovqatlanish odatlarini o‘rganish bo‘yicha birinchi milliy tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

O‘zbekistonda qariyb 67 foiz aholi kuniga tavsiya etilgan miqdorda meva-sabzavot iste’mol qilmayapti. Bu, o‘z navbatida, gipertoniya, semizlik va boshqa surunkali kasalliklar tarqalishini rag‘batlantirayotgani qayd etildi. Tadqiqot doirasida 13 mingdan ortiq xonadonda sog‘liq ko‘rsatkichlari, jumladan qondagi qand va xolesterin darajalari o‘rganildi.
Xabar qilinishicha, Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Delivery Unit ishtirokida amalga oshirilgan tadqiqot nafaqat aholining ovqatlanishga oid bilim darajasini, balki mikroelementlar yetishmovchiligi va turmush tarzi bilan bog‘liq kasalliklar xavfini baholash imkonini berdi. Ekspertlar fikricha, salomatlik muammolarining asosiy ildizi — noto‘g‘ri ovqatlanishda.
«To‘plangan ma’lumotlar asosida milliy darajadagi dasturlar va tashabbuslar ishlab chiqiladi. Ular ovqatlanish sifatini yaxshilash, kasalliklarning oldini olish, aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan maqsadli axborot kampaniyalarini tayyorlash va mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiladi», deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda ovqatlanish holatini baholash bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqot katta ahamiyatga ega ekanligi va bu salomatlikni mustahkamlash va hayot sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy asoslangan, kompleks yondashuv tomon bosilgan muhim qadam ekanligi ham ta’kidlangan.





