add

Qimmatbaho Husanov, 39 yoshida halok bo‘lgan sudya va Isroilni tark etish yo‘li — 18 iyun dayjesti

18.06.2025 | 22:0030997

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Qimmatbaho Husanov, 39 yoshida halok bo‘lgan sudya va Isroilni tark etish yo‘li — 18 iyun dayjesti
Isroildagi o‘zbekistonliklar Misr va Iordaniya orqali mamlakatni tark etishi mumkin O‘zbekiston fuqarolari Isroilni mustaqil ravishda tark etishlari mumkin bo‘lgan nazorat-o‘tkazish punktlari to‘liq faoliyat ko‘rsatmoqda. Misr orqali chiqish uchun «Menaxem Begin» «Taba» (Eylat – Taba) punktidan foydalanish mumkin. Bu yerda O‘zbekiston fuqarolari «Sinay kirish muhri» orqali vizasiz 14 kunlik ruxsat olishlari mumkin. Ammo ushbu muhr faqat Sinay yarim orolida bo‘lish huquqini beradi. Sharm ash-Shayx aeroporti orqali Toshkentga «UzAirways» haftasiga 3 marta, shuningdek, «Turkish Airlines» va «Pegasus Airlines» orqali Istanbul tranziti bilan uchish mumkin. Iordaniya orqali chiqish imkoni «Shayx Xusayn» va «Ishak Rabin» «Vadi Arava» chegaralaridan bor. Bu yerdan Iordaniya poytaxti Ammanga yetib borib, «Ammon – Istanbul – Toshkent» yoki «Ammon – Dubay – Toshkent» yo‘nalishlaridan foydalanish mumkin. Iordaniyaga kirish uchun onlayn viza olish talab etiladi.   Abduqodir Husanov Osiyo qit’asining eng qimmat futbolchisiga aylandi 2026 yilgi Jahon chempionati Osiyo saralash bosqichi natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov transfer narxi bo‘yicha Osiyodagi barcha futbolchilarni ortda qoldirdi. Bu haqda «Transfermarkt» portali e’lon qildi. «Manchester Siti» klubi safida to‘p surayotgan 21 yoshli futbolchining bozor qiymati hozirgi kunda 35 mln yevroni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkich uni JCH-2026 saralash bosqichidagi Osiyoning eng qimmat futbolchisi maqomiga olib chiqqan.   O‘zbekiston mahsulotlari Yevropa standartlariga mos sertifikatlanadi O‘zbekistonda mahsulotlar endilikda Yevropa va xalqaro standartlar asosida sertifikatlana boshladi. Bu eksport salohiyatini oshirish va JSTga a’zo bo‘lish maqsadlariga xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda 12 mingdan ortiq standart qabul qilinib, 400 turdagi mahsulot sinovdan o‘tkazildi va 40 ta yangi eksport bozorlariga chiqishga erishildi. Shu bilan birga, milliy standartlarni xalqaro talablarga uyg‘unlashtirish darajasi 39,4 foizga yetdi. Ayni vaqtda 1 415 ta xalqaro va Yevropa standarti joriy etildi, 2 668 ta milliy standart qayta ko‘rib chiqildi va 2 628 ta eski standart bekor qilindi. ISO va IEC kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kuchayib, O‘zbekiston to‘laqonli a’zolikka erishdi. Joriy yil oxirigacha yana 9 ta texnik reglament tasdiqlanishi va 300 ta yangi standart joriy qilinishi rejalashtirilgan.   Samarqanddagi YTHda 39 yoshli sudya halok bo‘ldi 17 iyun kuni soat 20:30 atrofida tumanning Bog‘ishamol mahallasi hududidan o‘tuvchi 4R-47 avtomobil yo‘lida «KamAZ-53212» yuk mashinasi va Nexia 3 avtomobili to‘qnashgan. Oqibatda olgan tan jarohati sababli yengil mashinada bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudining 39 yoshli raisi Temur Rustamov voqea joyida vafot etgan.   Mirziyoyev «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini tezlashtirishni buyurdi Shavkat Mirziyoyev 18 iyun kuni «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishini ko‘zdan kechirib, loyihani jadallashtirish yuzasidan topshiriq berdi. Aeroportning 4 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni qabul qila oladigan holatga keltirilgan. Ayni paytda VIP mehmonlar va biznes-aviatsiya uchun 2 ta terminal, perron hamda angarlar barpo etilmoqda. Loyiha zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, aeroport har qanday ob-havo sharoitida ham faoliyat yuritishi kutilmoqda. Aeroport Toshkent va Yangi Toshkent uchun transport markaziga aylanishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid