Logo

Qisqa muddatli ijara biznes uchun tahlikaga aylanmoqda — Zafar Hoshimov

Bugun 17:173 daqiqa

Korzinka asoschisi Zafar Hoshimov tadbirkorlar bilan uchrashuvda prezidentga tijorat binolarini ijaraga olish munosabatlarini huquqiy jihatdan qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Uning aytishicha, qisqa muddatli shartnomalar, ijara haqining asossiz oshirilishi va tadbirkor kiritgan investitsiyalarning himoya qilinmagani biznes uchun jiddiy xatar tug‘dirmoqda.

Qisqa muddatli ijara biznes uchun tahlikaga aylanmoqda — Zafar Hoshimov © Foto: “O‘zbekiston 24”

Korzinka asoschisi Zafar Hoshimov 18-avgust kuni Xorazm viloyatida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tijorat ijarasi munosabatlarini tartibga solish uchun alohida huquqiy mexanizm joriy etishni taklif qildi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, ayniqsa kichik biznes uchun ijara munosabatlari faoliyatni boshlash va kengaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Biroq amaldagi tizimda ijara shartnomalarining qisqa muddatga tuzilishi va munosabatlarning barqaror emasligi tadbirkorlar uchun jiddiy tavakkalchilik tug‘dirmoqda.

Tadbirkor joyga sarmoya qiladi, ammo shartnoma barqaror bo‘lmasligi mumkin

Zafar Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, biznes boshlayotgan yoki faoliyatini kengaytirayotgan tadbirkor ijaraga olgan joyiga qo‘shimcha mablag‘ sarflaydi.

U binolarni ta’mirlaydi, reklama qiladi, mijozlarni shakllantiradi va o‘z biznesini aynan shu joy bilan bog‘laydi. Ammo ijara munosabatlari barqaror bo‘lmasa, bu sarmoyalar xavf ostida qolishi mumkin.

“Ijaraga olgan tadbirkor o‘sha joyni ta’mirlaydi, o‘sha yerga pul tikadi, o‘sha yerda reklama qiladi, o‘sha yerga xaridorlarni o‘rgatadi. Agar o‘sha munosabatlar barqaror bo‘lmasa, bu tadbirkor uchun katta tahlikadir”, — dedi Zafar Hoshimov.

Uning qayd etishicha, hozirgi kunda ayrim holatlarda ijaraga beruvchilar ta’sirida shartnomalar qisqa muddatga tuzilmoqda.

“Biznes reja va biznes istiqbol uzoq muddatli, shartnoma esa qisqa muddatli bo‘ladi. Keyin, agar uning biznesi yaxshi yurib ketsa, mulkni ijaraga beruvchi kelib, narxini asossiz va haddan tashqari ko‘tarish hollari bo‘ladi”, — dedi tadbirkor.

“Konvert”dagi ijara pullari

Zafar Hoshimov yana bir muammo sifatida ijara haqining rasmiy va norasmiy qismlarga ajratilishini tilga oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim tadbirkorlar ijara haqining bir qismini rasmiy tartibda, boshqa qismini esa naqd pulda, ya’ni “konvertda” to‘lash amaliyotini davom ettirmoqda.

Hoshimovning ta’kidlashicha, ijara uchun to‘langan mablag‘larni rasmiy ravishda xarajat sifatida ko‘rsatish tadbirkorning soliq bazasini qisqartirishi mumkin. Shu bois to‘lovlarni to‘liq rasmiylashtirish nafaqat davlat uchun, balki ijaraga oluvchi va ijaraga beruvchi uchun ham manfaatli ekanini ta’kidladi.

Uning fikricha, ko‘pchilik tadbirkorlar hali ham eski amaliyotdan voz kechmagan va bu borada tushuntirish ishlarini kuchaytirish zarur.

Tadbirkor kiritgan investitsiya qanday himoya qilinadi?

Korzinka asoschisi alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir masala — tadbirkor ijaraga olingan obyektga kiritgan investitsiyalarni himoya qilish ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar ijara shartnomasi asossiz ravishda bekor qilinsa, tadbirkor binoga ta’mirlash, jihozlash va boshqa maqsadlarda sarflagan mablag‘larining taqdiri ochiq qolmoqda.

“Tadbirkor o‘sha joyga investitsiya kirgizganda, investitsiyalarni muhofaza qilish, ya’ni asossiz ijara shartnomalari buzilganda, tadbirkorning o‘sha kirgizgan investitsiyalarini himoya qilish ham katta savol”, — dedi Zafar Hoshimov.

Shu munosabat bilan u “tijorat ijarasi” uchun alohida huquqiy rejim joriy etish taklifini bildirdi.

Taklifga ko‘ra, tijorat maqsadida binolarni ijaraga olayotgan tadbirkorlar uchun uzoq muddatli munosabatlarni shakllantirish, shartnomalarning barqarorligini ta’minlash hamda tadbirkorlar uchun kafolatlarni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.

“Biz shunday bir huquqiy rejim kirgizishimiz kerakki — tijorat ijarasi degan. Tijoratga kirayotgan odamlar uzoq muddatga kiradi va bu rejim doirasida muddatlarni cho‘zish va tadbirkorlar garantiyasini oshirish”, — dedi u.

Shu bilan birga, tadbirkor bu masalani mulkdorlar va ijarachilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik sifatida ko‘rmayotganini ta’kidladi.

“Men mulkdorlar va tadbirkorlar orasida qarama-qarshilik demayapman. Bu yoqda muvozanatni ta’minlash payti keldi, deb o‘ylayman”, — dedi Zafar Hoshimov.

Prezident ikki oy ichida aniq takliflar ishlab chiqishni topshirdi

Zafar Hoshimovning taklifiga javoban prezident Shavkat Mirziyoyev tijorat va ko‘chmas mulk ijarasi munosabatlarini takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Davlat rahbari Adliya vazirligi, mutasaddi idoralar va jamoatchilik kengashi bilan birgalikda ushbu masala bo‘yicha tadbirkorlarning fikrlarini o‘rganish va ikki oy ichida aniq takliflar kiritish zarurligini aytdi.

Teglar

Mavzuga oid

Qisqa muddatli ijara biznes uchun tahlikaga aylanmoqda — Zafar Hoshimov | Vaqt.uz