Logo

Qizilqumdagi sirli ko‘l — reportaj

Bugun 19:345 daqiqa

Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Sho‘rbuloq hududida qisqa vaqt ichida ulkan ko‘l paydo bo‘ldi. Bir paytlar faqat qum va sho‘rxoklardan iborat bo‘lgan hudud bugun qariyb 80 kvadrat kilometr maydonni egallagan suv havzasiga aylangan. Bu tabiat mo‘’jizasimi, iqlim o‘zgarishining natijasimi yoki inson tomonidan yaratilgan yangi ekotizimmi? Vaqt.uz yangi ko‘lning paydo bo‘lish sabablari, ekologik ahamiyati va kelajakdagi taqdiri haqida o‘rgandi.

Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Sho‘rbuloq hududida yangi ko‘l paydo bo‘ldi. Uning maydoni taxminan 80 kilometr kvadratni tashkil etadi. Mahalliy aholi Gazli shaharchasidan shimolda joylashgan bu hududni yillar davomida sho‘rxoq va suvsiz hudud sifatida bilgan. Sho‘rbuloq nomi ham bejiz emas. Bu yerda katta suv havzasi mavjud bo‘lmagan. Ammo so‘nggi olti oy ichida vaziyat keskin o‘zgardi. Mutaxassislarning aytishicha, hududda me’yordan uch barobar ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilgan. Natijada tabiiy botqoqliklarda suv to‘plana boshlagan. Men turgan joy bundan bir necha oy oldin quruq cho‘l bo‘lganiga ishonish qiyin. Hozir esa ufqgacha cho‘zilgan suvni ko‘rishimiz mumkin. Go‘yoki sahro o‘rtasida yangi dengiz paydo bo‘lgandek.

 

“Oldin quruq joy edi. Sho‘r tuproq bo‘lgan. Suv kanal bilan keldi, ikki yil bo‘ldi kelganiga. Hali ko‘payadi. Uchdan bir bo‘lagi deyishyapti buni? Hozir bir yildan beri ko‘paydi-da, ko‘p kanaldan suv ko‘p kelyapti-da. Hamma yomg‘irdan suv yig‘ilibdi deyapti. Aslida, suvni maxsus olib keldi”, deydi shu yerda yashovchi Talg‘at Malikov.

 

Mutaxassislar ko‘lning paydo bo‘lishini faqat rekord darajadagi yog‘ingarchilik bilan bog‘lamayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududga suv 126 kilometrlik kollektor orqali ham kelmoqda. Cho‘l hududlarida pastqam joylarga kollektor-drenaj suvlari va sizot suvlari yig‘ilishi ham muhim omil sifatida ko‘rilmoqda. Baliqchilik loyihalari uchun qazilgan kanallar ham suv yig‘ilish jarayonini tezlashtirgan. Shunday qilib, tabiat va inson faoliyati bir nuqtada kesishib, yangi gidrologik obyekt paydo bo‘lishiga olib kelgan.

 

Har qanday yangi suv havzasi yangi hayotni ham olib keladi. Qushlar ko‘payadi, yangi o‘simliklar paydo bo‘ladi, baliqchilik rivojlanishi mumkin. Ammo mutaxassislar ehtiyotkorlikka ham chaqirmoqda. Suv muvozanati o‘zgarishi yerlarning sho‘rlanishi yoki aksincha, botqoqliklashishi ehtimoli mavjud. Demak, yangi ko‘l nafaqat imkoniyat, balki katta mas’uliyat hamdir.

 

“Shu ko‘l 2024-yildan boshlab kelishi, sentabr, oktabr oylaridan paydo bo‘la boshlagan. Bu kanal qazib keldi, kanal bilan to‘ldirdi bu yerni. Hozircha kanalda suv kam, kamaygan. Suv orqa tarafga qaytib ketdi. Endi bu yozning hisobiga bug‘lanish bo‘ladi, suv ko‘tarilib, bug‘ bo‘lib chiqib ketadi. Ertaga endi salqin bo‘lgan payt ko‘tariladi. Dambaning yoqasigacha keladi. Keluvchilar ham ko‘p. Har kuni shu blogerlar keladi? Oddiy odamlar ham bor kelib, tomosha qilib ketadi. Baliq tashlab ketadi suvga. Suv bor joyga endi nima bo‘ladi-ku, hayot bo‘ladi. Havo ham o‘zgardi lekin shu ko‘lning hisobiga. Issiq bo‘lardi bizlarga shu yoz bo‘lganda jazirama bo‘lib ketardi. 40-43 gradusgacha issiq bo‘lib ketardi. Hozirgi payt endi o‘zgardi. Hozir salqin bo‘ladi, tushda, kechqurun salqin bo‘ladi, kechqurun namlik ko‘tariladi. Kechasi ham, kunduzi ham oftob bilinmaydi. Bemalol erkin yuryapmiz. Lekin ko‘l yo‘q paytiga bu yer juda issiq bo‘lardi bu yerga”, deydi mahalliy aholi vakili Jayigir Abulqosimov.

 

Tabiatning har bir sovg‘asi bilan birga yangi savollar ham tug‘iladi. Bu ko‘l ham bundan mustasno emas. U qanday saqlanib qolinadi? Ko‘lning suratlari internetda tarqalishi bilan ko‘plab odamlar bu yerga qiziqa boshladi. Ayrimlar uni Buxoroning yangi sayyohlik nuqtasi deb atamoqda. Darhaqiqat, cho‘l bag‘rida joylashgan bunday ulkan suv havzasi juda noyob manzara hisoblanadi. Agar ko‘l saqlanib qolsa, u Buxoro cho‘llaridagi noyob landshaft obyektiga aylanishi mumkin. Bunday holatlarda qushlarni kuzatish, ilmiy ekspeditsiyalar va ekoturizm rivojlanishi ehtimoli mavjud. Qushlar va yovvoyi hayvonlar uchun yangi yashash muhiti paydo bo‘lishi mumkin. Ekologlar bunday yangi suv havzalari ko‘pincha ko‘chib yuruvchi suv qushlarini jalb qilishini ta’kidlaydi. Agar suv sifati maqbul bo‘lsa, hududda biologik xilma-xillik oshishi mumkin. Shu bilan birga, bu jarayonni ilmiy kuzatish talab etiladi. Bu O‘zbekistonda avval ham ayrim cho‘l ko‘llari misolida kuzatilgan.

 

“Suv bizda o‘tgan yili yoz oyida bunday darajagacha bu yergacha kelmadi. U yerda bostirma qurdi, shu bostirmagacha yetmadi, hozir shu bostirma suvning tagida qoldi. Birinchi bu damba qurildi. Bu damba qurilib bitgandan keyin suv yuborildi-da. Bu suv sekin keldi. Birdan sekin-sekin yuborilgan suv-da. Yillar, ancha vaqt davomida to‘plandi. Baribir u reja bilan kelgan suv-da, o‘z-o‘zidan bir yerdan kelib qolgan suv emas-da baribir. Suv xo‘jaligida ishlaydigan mutaxassislar kelib, bu yerlarni tekshirdi. Odamlar boshida qo‘rqdi, suv endi bu xalq uylarni bosib ketadi, ko‘chish kerak degan gaplar tarqaldi. Keyin baribir odam qo‘rqadi-ku baribir, bu dambadan o‘tib ketsa, nima qiladi deb. Lekin bu uncha darajada bo‘lgani yo‘q. Baribir hamma mutaxassislar tekshirib turdi buni. Buni tuproq bilan, sement bilan ishladi. Odamlarning xavfsizligi uchun shunday qilib ishlangan narsa-da bu”, deydi Jamila Aqberganova.

 

O‘rganishlarimiz davomida ma’lum bo‘ldiki, cho‘l hududida 2023-yildan boshlab Jondor, Qorako‘l va Olot tumanlaridagi sizot suvlarini Orolga yetkazish loyihasi doirasida suv yo‘li qurilib, 2024-yildan e’tiboran uni Jongeldi hududida zaxira qilishga kirishilgan. Natijada qisqa fursatda Qalata qishlog‘iga tutash maskanda yangi suv ombori vujudga keldi. Kollektor-drenaj tizimlari orqali to‘yinadigan ushbu havzaga soniyasiga 35 metr kub suv kelib tushmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, bu yerda 850 million kubometr suvni zaxira qilish bo‘yicha reja qilingan bo‘lib, hozir 305 million kubometr suv zaxirasi to‘plangan. Kelajakda 2 gektar maydonni auksion savdolari orqali chiqarib, hududda 50 dan ortiq tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish reja qilingan. Tabiat ba’zan eng tajribali olimlarni ham hayratda qoldira oladi. Sho‘rbuloqdagi yangi ko‘l buning yorqin misoli. Kechagina bu yerda sahro, qumron edi. Bugun esa suv. Ehtimol, bir necha yildan keyin bu yer mutlaqo boshqacha qiyofaga kirar. Ammo bir narsa aniq: Buxoro cho‘lining bag‘rida paydo bo‘lgan bu ko‘l hali uzoq vaqt davomida olimlar, ekologlar va oddiy odamlar e’tibor markazida qoladi. Ekologlar fikricha, yangi ko‘lning kelajakdagi taqdiri uch omilga bog‘liq: yog‘ingarchilik hajmi, yer osti suvlarining sathi, kollektor-drenaj tizimlaridan kelayotgan suv miqdori. Shuning uchun hozircha uni doimiy ko‘l deb e’lon qilishga erta. Bir necha yil davomida gidrologik kuzatuvlar o‘tkazilishi kerak.

 

Cho‘l o‘rtasida paydo bo‘lgan bu ulkan ko‘l bizga yana bir haqiqatni eslatadi: tabiat doimo o‘zgarishda. Ba’zan u biz kutmagan joyda kutmagan mo‘’jizalarni yaratadi.

 

 

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist

Operator-montajchi: Miroqil Xayrullayev

Teglar

Baxtiyor To‘xtayev

Baxtiyor To‘xtayevMaqolalar soni: 24

Barchasi

Mavzuga oid