
«Qon qasamyodi»: Eronda Trampni o‘ldirish uchun pul yig‘ilmoqda
08.07.2025 | 23:0043862
Iran International ma’lumotiga ko‘ra, Erondagi «Qon qasamyodi» deb nomlangan harakat doirasida AQSH prezidenti Donald Trampni o‘ldirish uchun 27 million dollardan ortiq mablag‘ to‘plangan.

Eronda «Qon qasamyodi” deb ataluvchi veb-sayt orqali AQSH prezidenti Donald Trampga qarshi ochiq tahdid bilan mablag‘ yig‘ish harakati boshlangani haqida xabar berildi. Bu haqda mustaqil manba — Iran International ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tashabbus asoschilari bu vaqtgacha 27 million dollardan ortiq mablag‘ yig‘ilganini aytgan.
Shuningdek, Fars axborot agentligi — Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga aloqador manba — ushbu harakatni rasman e’lon qilgani va «Qon qasamyodi» nomli harakatga boshqa davlatlardagi diniy arboblarni ham qo‘shilishga chaqirgani ma’lum qilindi. Ular G‘arb mamlakatlari elchixonalari yoki shaharlar markazlarida namoyishlar tashkil etishga chaqirilgan.
Biroq, Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida bu kabi chaqiriqlar va fatvolar mavjud emasligini ma’lum qilgan. U bu kabi harakatlarni rasmiy ravishda rad etgan.





