Logo

Qozog‘istonda yillik inflatsiya ketma-ket to‘qqizinchi oy davomida sekinlashdi

Kecha 20:251 daqiqa

Inflatsiyaning sekinlashishiga hukumatning inflatsiyaga qarshi choralari va iste’mol kreditlarini tartibga solishga qaratilgan makroprudensial siyosati xizmat qilgan.

Qozog‘istonda yillik inflatsiya ketma-ket to‘qqizinchi oy davomida sekinlashdi © Foto: mail.kz

Qozog‘istonda yillik inflatsiya ketma-ket to‘qqiz oy davomida pasayib, 10,3 foizni tashkil etdi. Bu haqda mamlakat Milliy banki raisi Timur Sulaymonov hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiyaning sekinlashishiga o‘rtacha darajada qat’iy pul-kredit siyosati, minimal zaxira talablari orqali pul massasini nazorat qilish, oltin xarid qilish operatsiyalarining ta’siri, shuningdek, hukumatning inflatsiyaga qarshi choralari va iste’mol kreditlarini tartibga solishga qaratilgan makroprudensial siyosati xizmat qilgan.

Shu bilan birga, Sulaymonov narxlar to‘liq barqarorlashgani haqida xulosa chiqarishga hali erta ekanini ta’kidladi.

«Inflatsiyani yanada pasaytirish uchun kommunal xizmatlar tariflari va yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich hamda muvozanatli tarzda oshirish, respublika budjeti taqchilligi ortishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida samarali fiskal konsolidatsiyani amalga oshirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar taklifining real o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydigan samarali kvazi-fiskal rag‘batlantirish choralarini davom ettirish zarur», — dedi Milliy bank raisi.

Sulaymonov, davom etayotgan geosiyosiy keskinlik va jahon oziq-ovqat narxlarining o‘sishini Qozog‘iston iqtisodiyoti uchun asosiy tashqi xavflardan biri sifatida qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston bank aktivlari so‘nggi besh yil ichida rekord darajada oshgani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid