add

Qumqo‘rg‘on hokimi odamlarni paxta terib, qishga tappi-tezak g‘amlashga chaqirdi

16.10.2025 | 16:303087

U odamlarni tappi qilmay qo‘yganlikda aybladi. Ammo hokim aytgandek, qishloqlarda odamlar tappi qilishmayaptimi?

Qumqo‘rg‘on hokimi odamlarni paxta terib, qishga tappi-tezak g‘amlashga chaqirdi

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov hozir O‘zbekistonda odamlar tezak qilmay qo‘ygani, hamma «gaz-gaz» deb qolganini aytib, odamlarni paxta terishga, tappi qilishga da’vat etish kerakligini aytdi. U bu haqda mahalliy kengash sessiyasidagi nutqida so‘z ochdi.

«Mana oddiy bir tezak. Hech kim tezak qilmaydi. Tezak qilib, uylarda chalmalarni bosib qo‘yib, qishda qor yog‘ganda ikkita tashlab qo‘yib o‘tirgan-ku shu narsani. Nima endi faqat gaz, gaz deb qoldik? Gazni ham to‘g‘ri tushuning, sizlar mana shu tumanning oliy organi bo‘lganlaringiz uchun aytyapman, gazning tagi bo‘lsa qani, tagi yo‘q-da, shu», — dedi Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov.

Shuningdek, hokim paxta terimi mavsumida odamlar paxta terib, oilaviy daromad topib, turmush sharoitini yaxshilash imkoniga ega ekanini ta’kidladi.

«Masalan, hozir mana paxta yig‘im-terimi bo‘lyapti. [Avvallari]  uch kun paxta terib, bir xalta unning pulini ishlagan. Uch kun, to‘rt kun paxta terib, bir xalta un [olishgan]. Qarang, hozirgi zamonni, bugun 100 kilo paxta tersa, uning puli 100 ming, 200 ming so‘m bo‘ladi. Bir kunda bir xalta un. Bir kishi o‘n kun tersa, agar oilasi bilan tersa, bir kunda besh-olti xalta unni ishlaydi», — deya odamlarni paxta terishga undadi Qumqo‘rg‘on hokimi.

Normamatov o‘zining «sovxoz»da ishlagan yillarini esladi.

«Momolar nevaralariga qarasa, to‘g‘rimi? Kelinlar chiqsa belni bog‘lab, o‘n kun, 15 kun, 20 kun paxta tersa, kiyimini oladi, unini oladi, moyini oladi, o‘ziga to‘yga kiyishga kiyim oladi, qishga tayyorgarlik ko‘radi. To‘g‘rimi? 10 xalta bug‘doy oladi, mollariga yem oladi, 20 litr moy (yog‘) oladi. Mana bizning sobiq xo‘jaliklarimizda ko‘p yillar ishlaganmiz. O‘zimizda ham mana «sovxoz»da, ana shu tepalikda terishardi. Pastga tushmasdi, qishga tayyorgarligini ko‘radi-da», — dedi hokim.

Ma’lumot uchun, mustaqillik e’lon qilingan 1991 yilning avgustidan buyon dunyo XXI asrga, axborot va  asriga qadam qo‘ydi, O‘zbekiston esa o‘z tarixini qaytadan yozib chiqishga ulgurdi. 2008 yilga kelib, O‘zbekistonda gaz va elektr taqchilligi kuchaydi. Qishda qishloqlarda ko‘plar tezak yoqishga o‘tishdi.

Ammo shu yili O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr uzatuvchi sim tortdi. Xitoyga gaz haydovchi quvur qurilishi boshlandi. O‘zbekiston chet elga gaz va elektr sotib, o‘z xalqi tezak yoqayotgan mamlakatga aylandi.

Holbuki, 2021 yilning fevral oyida sobiq Energetika vaziri Alisher Sultonov «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida mamlakatdagi gaz zaxiralari uchta O‘zbekistonga yetishini aytgan edi.

Hokim aytgandek, odamlar tappi qilmay qo‘ygani yo‘q, ular hamon tappi qilishadi, tezak qoplashadi. Ammo ko‘mir yoqish odat tusiga kirib borayotgani uchun tezak-tappi g‘amlash biroz kamaygan, xolos.

Xalqiga yetmagan yoqilg‘i nega chetga sotiladi? Faollar ayni shu savolni bot-bot takrorlab kelishgan.

Qumqo‘rg‘on tuman hokimi Anvar Normamatov ikki yilcha avval fermerdan Chevrolet Equinox avtomobilinini soqg‘aga olib, media nazariga tushgan edi.

Mavzuga oid