Ramazon ro‘zasi qasddan buzilsa, qanday kafforat to‘lanadi?

26.02.2026 | 04:552 daqiqa

Fatvo hay’atiga ko‘ra, ro‘zador qasddan, ya’ni ro‘za tutgani esida bo‘la turib ovqat yesa, suv ichsa yoki jinsiy yaqinlik qilsa, ro‘zasi buziladi. Bu holatda ham qazo, ya’ni buzgan ro‘zasini tutishi, ham kafforat vojib bo‘ladi.

Ramazon ro‘zasi qasddan buzilsa, qanday kafforat to‘lanadi?

Ro‘zador qasddan ya’ni, ro‘za tutgani esida bo‘la turib ovqat yesa, suv ichsa yoki jinsiy aloqa qilsa, ro‘zasi buziladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati ma’lumot bergan edi.  

Qayd etilishicha, ro‘za qasddan buzilsa ham qazo, ya’ni, buzgan ro‘zasini tutishi, ham kafforat vojib bo‘ladi.

Ro‘zaning kafforati quyidagilardan iborat: 

- Bir qul ozod qilish. 

- Agar bunga qodir bo‘lmasa ketma-ket ikki oy ro‘za tutish. 

Fatvo hay’atiga ko‘ra, bunda bir kun qazosidan tashqari ikki oy hisoblanadi. Hozirgi kunda quldorlik yo‘qligi sababli qul ozod qilishga qodir bo‘lmaslik tabiiydir. Ushbu oltmish kun ketma-ket tutiladigan ro‘za shariatda ro‘za tutish mumkin bo‘lmagan kunlar ya’ni, Ramazon va Qurbon hayiti kunlari va Qurbon hayiti kunidan keyin uch kun, jami besh kunga to‘g‘ri kelib qolmasligi kerak.  

Bunga ham imkoniyati bo‘lmasa, oltmish nafar faqir kishiga fidya miqdoricha taom beradi yoki taomning qiymatini beradi. Bir faqir kishiga oltmish kun taom bersa ham bo‘ladi. Ammo bir faqirga oltmish kunlik taomni bir kunda bersa joiz bo‘lmaydi. 

«Raddul muxtor» kitobida shunday deyiladi: «Kim ikki jinsiy yo‘lning biriga qasddan yaqinlik qilsa, ozuqa yoki davo bo‘ladigan narsani yesa yohud ichsa uning zimmasiga qazo va kafforot lozim bo‘ladi. Unda,  avvalo, bir qul ozod qiladi. Topolmasa, ikki oy ketma-ket ro‘za tutib beradi. Unga ham qodir bo‘lmasa, oltmish miskinni to‘ydiradi».

Zimmasiga kafforat lozim bo‘lgan kishi ro‘za tutishga qodir bo‘la turib, taomlantirish yo‘li bilan kafforatni ado qilmoqchi bo‘lsa, kafforat ado bo‘lmaydi. Chunki tartib buzilgan bo‘ladi. 

Kafforat ro‘zasini tutayotgan ayol orada hayz ko‘rib qolsa, kafforatni qaytadan boshlamaydi, balki uzri ketgach davom ettiradi. Nifos qonini ko‘rsa, kafforatni qaytadan boshlaydi. Chunki nifos qoni bu masalada uzr hisoblanmaydi («Raddul muxtor»).

Kafforat ro‘zasini tutayotgan kishi oltmish kun ichida biror kunni qoldirsa kafforat buziladi va ro‘za tutishni boshidan boshlaydi.

«Fatavoi Hindiya» kitobida shunday ma’lumot keladi: Ramazonning qazosi va kafforatini tutayotgan kishi subhi sodiq kirmasidan avval mana shu ro‘zalarni tutishni niyat qilishlari shart. Agar niyat qilolmay subhi sodiqdan keyin niyat qilsa, niyati e’tiborli bo‘lmaydi. Shuning uchun saharlikka turolmay qolishidan qo‘rqqan kishi quyosh botganidan keyin ertangi kunning qazo yoki kafforat ro‘zasini tutishni niyat qildim, desa kifoya qiladi».

«Ramazon ro‘zasidan boshqa ro‘zalarni buzishda kafforat yo‘q», — deyiladi fatvo hay’ati bayonotida.

Teglar

Mavzuga oid