Logo

Rossiya urushda texnologik jihatdan Ukrainadan ortda qolmoqda — FT

«Financial Times» nashrining so‘nggi surishtiruvi urush maydonida yangi voqelik yuzaga kelganini ochiqladi: Rossiya armiyasi texnologik jihatdan Ukrainadan sezilarli darajada ortda qolmoqda. Askarlar soni va sovet davri qurollariga tayanib kelayotgan Kreml hozirda Kiyevning sun’iy intellekt va robotlashtirilgan dronlar kampaniyasi qarshisida ojiz qolmoqda.

Rossiya urushda texnologik jihatdan Ukrainadan ortda qolmoqda — FT

Ukraina qurolli kuchlari erishayotgan texnologik yutuqlar Rossiya armiyasini tobora ortda qoldirmoqda. Oqibatda Vladimir Putin qo‘shinlari faqatgina ularni quvib yetishga urinish bilangina cheklanib qolmoqda.

«FT» nashrining yozishicha, shu hafta Ukraina dronlari Rossiya poytaxtidagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergach, Moskva uzra ko‘tarilgan qalin tutun vaziyatni yanada oydinlashtirgan.

Rossiya prezidenti 2022 yilda keng ko‘lamli bosqinga buyruq berganidan buyon Moskva qo‘shinlari jang maydonida asosan askarlar va qurol-yarog‘ sonidagi ustunligiga tayanib kelmoqda. Shu bilan birga, ular front chizig‘idan ancha uzoqda joylashgan shaharlar va energetika infratuzilmasini nishonga olishda havo zarbalaridan faol foydalandi.

Biroq Kiyevning o‘rta va uzoq masofaga uchuvchi dronlari Rossiya ichkarisiga chuqur kirib bormoqda. Frontdan yuzlab kilometr uzoqdagi aviabazalar, harbiy texnikalar va neft zavodlarining tinimsiz vayron qilinishi buning yaqqol isbotidir.

Ayni paytda, urushni kuzatib boruvchi Finlyandiyaning «Black Bird Group» tahliliy guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva qo‘shinlari fevral va may oylari oralig‘ida atigi 164 kvadrat kilometr hududni egallagan. Vaholanki, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 1151 kvadrat kilometrni tashkil etgan edi.

«Rossiyaning asosiy muammosi shundaki, joriy taktika kattaroq muvaffaqiyatlarga erishish imkonini bermayapti, ruslar esa hanuz yangi usullarni topa olgani yo‘q», — deydi «Black Bird» hammuassisi Emil Kastexelmi.

Odatda qish oxiri va bahor boshida sustlashadigan Rossiya hujumlari may oyiga kelib yana kuchayar edi. Biroq bu yilgi iyun oyida butun front chizig‘i bo‘ylab oldinga siljishning qayta tiklanish belgilari kuzatilmadi.

Rossiya qo‘mondonlari hanuzgacha kichik askarlar guruhlarini dronlar bilan to‘lib-toshgan jang maydoniga tashlamoqda. Bu esa ko‘pincha Ukraina mudofaa chiziqlaridagi bo‘shliqlarni topish yo‘lidagi halokatli urinishlardan boshqa narsa emas.

Biroq Kiyevning dron urushidagi yutuqlari vaziyatni Moskvaning zarariga tubdan o‘zgartirib yubordi.

«Jarayonlarning robotlashuvi qo‘shin sonining ahamiyatini keskin kamaytirdi va bu holat Kiyevning foydasiga ishladi. Endi xandaqlarda o‘tiradigan yuz minglab askarlar emas, balki 10 yoki 20 ming dron operatori kerak bo‘ladi. Shu tariqa, urushning qiyofasi butunlay o‘zgarmoqda», — deydi harbiy harakatlarga aloqador manbalardan biri «FT» nashriga.

Dronlar urushi Kremlning jonli kuch borasidagi ustunligiga ham jiddiy zarba berdi. Ukraina rasmiylarining qayd etishicha, qariyb yarim yildan beri Rossiyaning jang maydonidagi yo‘qotishlari armiya safiga yangi qo‘shilayotgan askarlar sonidan oshib ketmoqda.

Germaniya Xalqaro va xavfsizlik masalalari institutining Rossiya bo‘yicha eksperti Yanis Klugening so‘zlariga ko‘ra, Rossiya 2026 yilning birinchi choragida 71 216 kishini harbiy xizmatga jalb qilgan. Vaholanki, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 89 601 kishiga teng bo‘lgan.

«Rossiya davlati dushmanning yangi innovatsion yechimlariga kechikib bo‘lsa-da javob topishga urinmoqda yoki buni umuman uddalay olmayapti», — deydi norasmiy muzokaralarda ishtirok etayotgan manba.

Screenshot_1

«FT» manbasining qo‘shimcha qilishicha, Ukraina dron va raketa zarbalari ko‘lamini kengaytirib, front chizig‘ida Kreml qo‘shinlarini yakkalab qo‘yayotgan hamda ularning ta’minot zanjirlarini uzayotgan bir paytda, Rossiyaning elita deb hisoblanadigan «Rubikon» dronlar bo‘linmasi bunday imkoniyatlarni o‘zlashtira olmayapti.

Ukrainaning dron kampaniyasi front chizig‘idan taxminan 150 kilometr ichkaridagi «o‘rta masofa» deb ataluvchi hududlarga zarba berishga asoslangan.

May oyidan beri barcha turdagi yuzlab dronlar Qrimga olib boruvchi quruqlik yo‘lagi tomon yo‘naltirildi. Rossiya qo‘shinlari ushbu strategik ahamiyatga ega avtomobil yo‘lidan 2014 yilda Moskva tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarim orolini, shuningdek, janubiy frontga joylashtirilgan askarlarini ta’minot bilan ta’minlash uchun foydalanib keladi.

«Ayni paytda biz har kuni yuk mashinalarini nishonga olyapmiz. Rossiya qo‘shinlari yoqilg‘i va o‘q-dorilarni odatdagidan ko‘ra uzoqroq kutishga majbur bo‘lmoqda. Logistika bo‘linmalari esa tekis R-280 avtomobil yo‘lidan yurish o‘rniga kichikroq, ko‘zga kamroq tashlanadigan yuk mashinalaridan foydalanishga yoki o‘nqir-cho‘nqir qishloq yo‘llari orqali harakatlanishga o‘tmoqda. Garchi bu butunlay halokatli bo‘lmasa-da, Rossiya armiyasi uchun yetarlicha og‘riqli», — dedi Ukrainaning 412-«Nemezis» dronlar brigadasi shtab boshlig‘i Artem Belenkov.

2

Moskva «Rubikon» kabi dron bo‘linmalariga harbiylarni jalb qilish bo‘yicha yirik kampaniya boshlash orqali bunday yangi chaqiriqlarga javob qaytarishga urinmoqda.

Biroq bu jarayon ham o‘z-o‘zidan oson kechayotgani yo‘q. G‘arb razvedkasiga ko‘ra, Rossiya mudofaa sektori deyarli to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. Ishsizlik darajasining rekord darajada pastligi esa dron ishlab chiqarish kabi ilg‘or texnologiyalar sohasiga malakali ishchilarni jalb qilishni yanada murakkablashtirmoqda.

Ta’kidlanishicha, Rossiya eng ko‘p resurs ajratayotgan uchuvchisiz tizimlar va uzoq masofaga uchuvchi qurollarni ishlab chiqarishdan tashqari, boshqa yo‘nalishlardagi ishlab chiqarish jarayonlari to‘xtab qolgan. Garchi ishlab chiqarish hajmi oshgan bo‘lsa-da, harbiy sanoat o‘z cho‘qqisiga chiqib bo‘lgan va o‘sishdan to‘xtagan.

«Ular bor imkoniyatlarini oxirigacha ishlatib bo‘ldi. Investitsiyalarsiz bu sohani yanada kengaytirishning iloji yo‘q, buning uchun esa yillar talab etiladi», — deydi razvedka manbasi.

Putin va uning yuqori martabali amaldorlari esa Ukraina zarbalarining tobora ortib borayotgan halokatli ta’sirini xaspo‘shlab, urushda Rossiya hamon ustunlikka ega ekanini uqtirish bilan ovora.

Kremlning ikki nafar sobiq yuqori martabali mulozimi «FT» nashriga bergan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya prezidenti vaqtining ko‘p qismini harbiy harakatlarni ikir-chikirlarigacha nazorat qilishga sarflaydi va ba’zan kuniga ikki marotaba Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovdan hisobot olib turadi.

3

 «U buni shunchaki vaqt masalasi deb hisoblaydi. Ertami-kechmi o‘z maqsadiga erishishiga ishonadi. Putin harbiylarning kuchli ta’siri ostida qolgan, ular esa ko‘zbo‘yamachilik qilishga juda usta. U buni tushunsa-da, ularga chin dildan ishonadi va shunday qilishlariga yo‘l qo‘yib beradi. Agar men ham ertadan kechgacha, kuniga uch marotaba Gerasimovning hisobotlarini eshitaverganimda, atrofdagi voqelikni butunlay boshqacha qabul qilgan bo‘lardim», — deydi sobiq mulozimlardan biri.

Shu oy boshidagi milliy bayram kunlarida Putin Kremlda bir guruh harbiylar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida askarlar Ukraina frontda hujumkor dronlarni yo‘naltirish uchun foydalanayotgan, Ilon Maskka tegishli «Starlink» sun’iy yo‘ldosh tarmog‘iga qarshi Rossiya qachon o‘z muqobilini ishlab chiqishi haqida qayta-qayta savol berdi.

 «Dushman sun’iy intellekt yordamida boshqariladigan zarba beruvchi dronlarni ishga solmoqda. Biz bu poygada orqada qolmasligimiz va dushmandan o‘zib ketishimiz kerak» dedi harbiylardan biri.

Putin esa askarlarni hayratda qoldirib, Rossiya allaqachon «Starlink» tizimiga o‘z muqobilini ishlab chiqqanini va uni amaliyotga joriy etganini, tizim ishlayotganini, biroq uning ko‘lamini kengaytirish uchun vaqt kerakligini ta’kidladi. Shundan so‘ng Mudofaa vaziri Andrey Belousov unga atigi 16 ta qurilma ishga tushirilganini aytganida, Putin buni «mutlaqo yetarli emas» deb baholadi.

Rossiya Ukrainaning texnologik yutuqlariga qachon yetib olishi haqida uchinchi bor savol berilganida, Putin Napoleon va Gitlerni yodga olgan holda uzoq hamda iddaoli nutq qildi va Moskva ayni paytda NATOning jamoaviy qudratiga qarshi kurashayotganidan shikoyat qildi. 

«Dushmanda yo‘q, ammo bizda bor bo‘lgan ko‘p narsalar mavjud, ular yanada ko‘payadi va yaxshilanadi», — deya so‘zini yakunladi u.

4

Biroq Rossiya hali ham Ukrainaga jiddiy talafot yetkazish salohiyatini saqlab qolmoqda.

Front chizig‘ida Rossiya samolyotlaridan tashlanayotgan boshqariluvchi aviabombalar Ukrainaning xandaqlari, o‘rmonzorlari va ko‘p qavatli binolarini misli ko‘rilmagan darajada tinimsiz bombardimon qilmoqda. Ukrainada havo hujumidan mudofaa tizimlarining yetishmasligi Rossiya samolyotlariga Sovet davridan qolgan bombalarni front chizig‘iga yaqinroq masofadan tashlash va Ukraina pozitsiyalariga yuqori darajadagi aniqlik bilan zarba berish imkonini yaratmoqda.

«Ular Ukraina pozitsiyalari joylashgan bo‘lishi mumkin deb taxmin qilgan har qanday nuqtaga zarba bermoqda», — dedi ukrainalik dron operatori «FT» nashriga.

«Ular hamma narsani KABlar (boshqariluvchi aviabombalar) yordamida yer bilan yakson qiladi, keyin esa askarlarni birin-ketin kiritishni boshlaydi. Biz ularning o‘ntasini yo‘q qilamiz, ammo bittasi baribir yashirinishga ulguradi», — dedi askar.

Ukraina harbiy tadqiqot instituti hisobotiga ko‘ra, joriy yilda Rossiya 75 mingdan ortiq boshqariluvchi aviabombalardan foydalanishi kutilmoqda. Vaholanki, 2025 yilda bu ko‘rsatkich taxminan 60 mingtani tashkil qilgan edi.

«Boshqariluvchi aviabombalar Ukraina hanuzgacha yechimini topa olmagan asosiy muammo bo‘lib qolmoqda», — dedi Ukraina harbiy-havo kuchlarining sobiq podpolkovnigi Aleksey Melnik.

Birgina o‘tgan oyning o‘zida Kiyevga uch marotaba dron va raketalarning yirik to‘lqini bilan hujum qilindi. Ukraina harbiy-havo kuchlari, xususan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa vositalarining muntazam taqchilligi sharoitida ballistik va gipertovushli raketalarga qarshi kurashishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Urushni kuzatib boruvchi Polshaning «Rochan Consulting» tahliliy guruhi direktori Konrad Muzikaning so‘zlariga ko‘ra, hujumlarning bunday yangi sur’ati Rossiyaning jang maydonidagi muammolariga nisbatan o‘ziga xos «javobi» bo‘lishi mumkin.

«Rossiya Ukrainaning qaror qabul qilish jarayoniga ta’sir o‘tkazishning turli yo‘llarini izlamoqda. Biroq yadro qurolini hisobga olmaganda, agar ular yana bir bor qisman safarbarlik e’lon qilmasa, kelgusi oylarda janglarning borishini o‘zgartirish uchun biror jiddiy ish qila oladi, deb o‘ylamayman», — dedi u.

Teglar

Mavzuga oid