Rossiya va Germaniya sobiq mulozimlari Aliyevning xabarisiz Bokuda yashirincha ko‘rishdi
«Bizning hududimizdan bizni ogohlantirmasdan foydalanishgan», — dedi Ozarboyjon prezidenti.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Bokuda Rossiya va Germaniyaning nufuzli vakillari o‘rtasida Ukrainadagi urushni yakunlash masalasi muhokama qilingan yashirin uchrashuv bo‘lib o‘tganini tasdiqladi. Bu haqda Aliyev Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozmoqda «Deutsche Welle».
Ozarboyjon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 12-iyul kuni mamlakatga Brandenburg yerining sobiq bosh vaziri Mattias Platsek va Federal kansler mahkamasining sobiq rahbari Ronald Pofalla, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining sobiq bosh vaziri Viktor Zubkov va Inson huquqlari bo‘yicha kengash rahbari Valeriy Fadeyev kelgan.
Zubkov 13-iyul kuni, qolgan siyosatchilar esa bir kundan keyin Ozarbayjondan uchib ketgan. Aliyev ular o‘rtasida o‘zaro aloqalar bo‘lgan yoki yo‘qligi haqida ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi.
«Bizning hududimizdan bizni ogohlantirmasdan foydalanilgan. Agar bu uchrashuv Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatishga xizmat qilsa, biz buni faqat olqishlashimiz mumkin», — dedi Ozarboyjon prezidenti.
Ma’lumot o‘rnida: Bokuda Germaniya va Rossiya vakillarining ehtimoliy uchrashuvi haqida 16-iyul kuni nemislarning «Die Zeit» nashri va RBB telekanali xabar bergan edi. Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, aloqalar Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng rasman tugatilgan sobiq «Peterburg muloqoti» forumi doirasida amalga oshirilgan.





