add

Rossiya Xitoyga Tayvanga bosqin uyushtirish tayyorgarligida ko‘maklashmoqda

Mashg‘ulotlarning bir qismi Rossiya poligonlarida, keyin esa Xitoyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Rossiya Xitoyga Tayvanga bosqin uyushtirish tayyorgarligida ko‘maklashmoqda
Rossiya Xitoyga havo-desant bo‘linmalari uchun texnologiyalar, jang tajribasi va harbiy texnikalarni yetkazib bermoqda. Tahlilchilarning fikricha, bu Pekinning Tayvanga tez hujum qilish imkoniyatini oshirishi mumkin. Bu haqda The Washington Post xabar qilmoqda. The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oktyabrida Moskva 37 ta BMD-4M desant jangovar mashinasi, 11 ta «Sprut-SDM1» o‘ziyurar tankka qarshi qurol, 11 ta BTR-MDM zirhli transportyor, shuningdek, og‘ir texnikani desantlash uchun parashyut tizimlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Bitimning dastlabki qiymati 580 million dollardan oshgan. Texnikadan tashqari, Rossiya Xitoy desantchilarini tayyorlashga, jumladan, qurollarni jangda qo‘llash hamda qo‘mondonlik va boshqaruv tizimlaridan foydalanishni o‘rgatishga rozilik bergan. Mashg‘ulotlarning bir qismi Rossiya poligonlarida, keyinchalik esa Xitoyda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. RUSI (Buyuk Britaniyadagi harbiy-siyosiy tahlil markazi) tahlilchilari fikriga ko‘ra, bunday hamkorlik Pekinga Tayvan, Filippin va mintaqadagi boshqa orol davlatlariga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan «havo manevrlari uchun kengaytirilgan imkoniyatlar» beradi.RUSIning quruqlikdagi urushlar bo‘limi katta ilmiy xodimi Jek Uotling ta’kidlashicha, bu «ruslarning xitoyliklar uchun vositachi bo‘lganiga juda yaxshi misol. Moskva va Pekin xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlar endi deyarli ajralmas holga kelgan». Shuningdek, RUSI hisobotida qayd etilishicha, ikki armiya o‘rtasidagi hamkorlik ramziy qo‘shma mashg‘ulotlar doirasidan ancha tashqariga chiqib, Si Jinpingning AQSHga qarshi tura oladigan zamonaviy qurolli kuchlarni yaratish strategiyasini qo‘llab-quvvatlashga qodir tizimlarni shakllantirmoqda. Rasmiy Taybey Xitoyga desant qo‘shinlarini boshqarishning eng so‘nggi tizimlarini o‘tkazilishini kuzatayotganini tasdiqladi. Ismini oshkor qilishni istamaydigan Tayvan razvedkasi vakili Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ommaviy e’tirof etilganidan ancha keng ko‘lamli ekanligini ma’lum qildi. Mutaxassislarning baholashicha, sanksiyalar tufayli ikki maqsadli mahsulotlar yetkazib berishda Pekinga qaram bo‘lgan Moskva, ayni paytda XXRga Tayvanga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rishida ko‘maklashmoqda. Kelajakdagi to‘qnashuvda Rossiya Xitoyni energiya resurslari va texnologiyalar bilan ta’minlaydigan strategik tayanch nuqtasiga aylanishi mumkin. Shuningdek, The Washington Post gazetasi yozishicha, Xitoyning harbiy ustunligiga qaramay, Tayvanga keng ko‘lamli bosqin hamon xatarli bo‘lib qolmoqda: muvaffaqiyatga erishish uchun yuz minglab harbiy xizmatchilarni cheklangan sondagi qo‘nish nuqtalariga tezda ko‘chirish va ayni paytda AQSH hamda uning ittifoqchilarini aralashishdan to‘xtatib qolish zarur. «Tayvan bilan birlashish»ni bir necha bor «milliy tiklanish»ning bir qismi deb ta’riflagan Si Jinping Xalq ozodlik armiyasiga modernizatsiyani jadallashtirish va «g‘alaba qozonish lozim bo‘lgan urushlarga» tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan.

Teglar

Mavzuga oid