add

Rossiya yana ikkita oblastni bosib olish tahdididan so‘ng Xarkiv ostonasida 50 ming kishilik guruhni to‘pladi

25.05.2025 | 10:0038354

Rossiya Xarkiv va Sumiga yo‘naltirilgan katta hujum tayyorgarligini boshladi. Biroz avval Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya vakillari bu shaharlarni bosib olish bilan tahdid qilgandi.

Rossiya yana ikkita oblastni bosib olish tahdididan so‘ng Xarkiv ostonasida 50 ming kishilik guruhni to‘pladi
Hozirda Rossiya Ukrainaning Xarkiv oblasti chegarasida 50 ming nafarga yaqin harbiyni to‘plagan. Sky Newsʼning yozishicha, rossiyaliklar so‘nggi oylarda Ukrainaning Kurskka yaqin hududlaridan Ukraina qurolli kuchlarini deyarli siqib chiqargan. Ukrainalik harbiy Andriy Pomagaybusga ko‘ra, Rossiya front chizig‘i bo‘ylab jangchilarni to‘playapti va ba’zi shturm harakatlariga urinmoqda. Ammo hozircha bu hujumlar muvaffaqiyatsiz tugamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu keng ko‘lamli hujum oldidagi tayyorgarlik belgisi. Britaniyadagi RUSI instituti eksperti Jek Uotling ham Rossiya bosimni bosqichma-bosqich kuchaytirishni maqsad qilganini aytmoqda. Uning fikricha, Rossiya bu yozda hujumni «muloyim uslubda» boshlab, asta-sekin hujumlar soni va hajmini oshirishi mumkin. Biroq, Rossiya armiyasidagi texnik zaxiralar — tank, piyodalar uchun mashinalar va artilleriya tizimlari — kuzga borib to‘liq tugashi mumkin. Boshqa bir mutaxassis Maykl Klark Rossiya uchun 4 oylik imkoniyat mavjudligini ta’kidladi. Uning fikricha, bu vaqt mobaynida Rossiya frontda burilish yasamas ekan, yomg‘irli mavsum va texnika yetishmasligi urushdagi tashabbusini so‘ndiradi. Shuningdek, Rossiya bu hujumni 2022 yilda Ukraina ozod qilgan hududlarni qayta egallash uchun foydalanishi mumkin. Biroq OSINT-loyihasi DeepState tahlilchilari hozirgi vaziyatni «kritik o‘zgarishsiz» deb baholamoqda. Ularning fikricha, Rossiyaning harakatlari hozircha «qisman bosim»dan iborat bo‘lib, katta hujumga tayyorgarlikdan ko‘ra frontdagi yo‘qotishlarni to‘ldirishni ko‘proq anglatadi. Mazkur hujum ortidan Kreml Xerson va Zaporijjyadan voz kechib, ularni yangi egallangan hududlarga almashtirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi The Moscow Times.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya yana ikkita oblastni bosib olish tahdididan so‘ng Xarkiv ostonasida 50 ming kishilik guruhni to‘pladi | Vaqt.uz