Logo

Rossiya yoki YI yo‘li? Bugun Armanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Bugun 16:413 daqiqa

Armaniston fuqarolari yangi parlament va hukumat taqdirini hal qiladigan ovoz berish jarayonida ishtirok etmoqda. So‘rovnomalarga ko‘ra, hokimiyat uchun kurashda bir nechta yirik siyosiy kuchlar raqobatlashmoqda.

Rossiya yoki YI yo‘li? Bugun Armanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda © Юрий Кочетков/ РИА Новости

Bugun, 7-iyun kuni Armanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Uning yakunlariga ko‘ra mamlakatning yangi hukumati shakllantiriladi. Amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan hokimiyatda qolish va qator uchinchi saylov g‘alabasini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Shu bilan birga, saylovoldi kampaniyasi davomidagi asosiy masalalardan biri Armanistonning Rossiya bilan munosabatlari va Yerevanning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish rejalari bo‘ldi.
 
Saylov tartibi


Saylov uchastkalari soat 08:00 da ochiladi. Mamlakat bo‘ylab jami 2005 ta saylov uchastkasi faoliyat yuritadi. Armaniston qonunchiligiga muvofiq, xorijda saylov uchastkalari tashkil etilmaydi.


Mamlakat tashqarisida ishlayotgan diplomatlar uchun elektron ovoz berish imkoniyati yaratiladi.
Armaniston qonunchiligi saylovlarda qatnashish uchun minimal qatnashuv me’yorini ham belgilamagan.


Saylovlarda 18 ta siyosiy kuch – 16 ta partiya va 2 ta partiya bloki ishtirok etadi. Partiyalar uchun o‘tish to‘sig‘i 4 foizni tashkil etadi. Uchta partiyadan iborat bloklar uchun bu ko‘rsatkich 8 foiz, to‘rt va undan ortiq partiyalardan tashkil topgan bloklar uchun esa 10 foiz qilib belgilangan.


Armaniston Saylov kodeksida ruslar, yazidiylar, kurdlar va assuriylar kabi milliy ozchiliklar uchun kvotalar ham nazarda tutilgan.
 
Kutilmalar


So‘rovnomalarga ko‘ra, parlamentga kirish imkoniyati yuqori bo‘lgan beshta siyosiy kuch bor. Ular: hokimiyatdagi Fuqarolik shartnomasi partiyasi, tadbirkor Samvel Karapetyan boshchiligidagi «Kuchli Armaniston» bloki, sobiq prezident Robert Kocharyan rahbarlik qilayotgan «Armaniston» bloki, tadbirkor Gagik Sarukyan yetakchilik qilayotgan «Farovon Armaniston» partiyasi hamda sobiq ombudsman Arman Tatoyan boshchiligidagi «Birlik qanotlari» partiyasidir.


Markaziy saylov komissiyasi ovoz berishdan keyingi kuni dastlabki natijalarni e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Yakuniy natijalar esa ko‘pi bilan yetti kun ichida ma’lum qilinadi.


Insident 


Saylov arafasida mamlakatda mojaro ham yuzaga keldi. Davlat OAVlari xabar berishicha, Markaziy saylov komissiyasi tergov organlariga olti nafar nomzodga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga ruxsat bergan. Qo‘lga olinganlarning barchasi uy qamog‘ida saqlanayotgan Samvel Karapetyan rahbarligidagi «Kuchli Armaniston» partiyasi a’zolari hisoblanadi. U hukumatni ag‘darishga chaqirishda ayblanmoqda.


Armaniston hukumati avvalroq mamlakatga Karapetyan partiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab fuqarolar qaytib kelayotganini ma’lum qilib, ovoz berish uchun pora evaziga kelganlar harbiy yig‘inlarga chaqirilishi mumkinligidan ogohlantirgan.
 
Kattaroq xaritadagi holat


Yerevan va Amerika Qo‘shma Shtatlari keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi xartiyani imzolagan. Rossiya hukumati esa Armaniston rahbariyatini keskin tanqid qilgan. Bunga mamlakatda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi sammiti va Yevropa bilan munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlarning imzolanishi sabab bo‘lgan.


Bosh vazir Nikol Pashinyan Ukraina prezidenti Voladimir Zelenskiy bilan aloqalari uchun «rusofobiya»da ayblangan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa Yevropa Ittifoqi Yerevanni «Rossiyaga qarshi orbita»ga tortayotganini aytgan.


Pashinyan esa saylovoldi chiqishlaridan birida mustaqillikdan keyin mamlakat amal qilgan «o‘lim yoki ozodlik» shiorini «ozodlik davlati» shioriga almashtirish kerakligini ta’kidlagan.


Bunga javoban Rossiya avval Armanistondan gullar, mineral suv va konyak import qilishni vaqtincha taqiqladi. Keyinchalik baliq, sabzavot, rezavorlar va mevalar importiga ham cheklovlar joriy etildi.


Shuningdek, agar Yerevan Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish siyosatini davom ettirsa, Rossiya Armanistonga gaz, neft mahsulotlari va qayta ishlanmagan olmos yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarni to‘xtatishi yoki bir tomonlama bekor qilishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid