add

Rossiyada migrant bolalar uchun rus tili kurslari bahsli masalaga aylandi

10.06.2025 | 12:3047726

Rossiyada migrant bolalarga rus tilini o‘rgatish bo‘yicha 71 ta mintaqada maxsus kurslar tashkil etilmoqda. Biroq bu dasturni moliyalashtirish manbasi masalasi Davlat Dumasida siyosiy bahslarga sabab bo‘ldi.

Rossiyada migrant bolalar uchun rus tili kurslari bahsli masalaga aylandi

Maorif vazirligi rus tilini yetarlicha bilmagan chet el fuqarolarining farzandlari uchun ta’lim muassasalari ro‘yxatini e’lon qildi. Bu kurslar maktab va pedagogika oliygohlari bazasida o‘tkaziladi, ammo 18 mintaqada, jumladan Bryansk, Vologda, Vladimir oblastlari, Chukotka va anneksiya qilingan Qrimda bunday dasturlar nazarda tutilmagan.

Davlat Dumasi mehnat va ijtimoiy siyosat qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov bu tashabbusni tanqid qildi. Unga ko‘ra, davlat byudjetidan bunday xarajatlar «aholining soliqlari hisobidan asossiz xayriya»ga aylanishi mumkin.

Boshqa deputatlar, xususan, MDH ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Konstantin Zatulin esa tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Uning ta’kidlashicha, bu dastur prezident Vladimir Putinning topshirig‘iga muvofiq amalga oshirilmoqda. Zatulin, shuningdek, xarajatlarni qisman migrantlarni ishga qabul qiluvchi ish beruvchilar bilan bo‘lishni taklif etdi.

Maorif vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kurslarga qabul masalasi va moliyalashtirish yo‘nalishi har bir hududning ixtiyorida bo‘ladi. 2025 yil 1 apreldan kuchga kirgan qonunga asosan, rus tilini bilmagan migrant bolalar maktabga qabul qilinmaydi.

Rosobrnadzor ma’lumotiga ko‘ra, test sinovlariga ariza bergan 1800 nafar boladan 81 foizi hujjatlardagi kamchiliklar tufayli imtihonga qo‘yilmagan. 10 iyun kuni Dumala yangi qonun loyihasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Unga ko‘ra, mahalliy ta’lim idoralari chet ellik bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni IIVga taqdim etishi shart bo‘ladi.

Rossiyada rus tilini bilmagan migrant bolalarni maktabga qabul qilishga oid yangi qoidalar joriy etilganiga ikki oy bo‘ldi. Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qilishicha, shu muddat ichida ariza topshirganlardan faqat 4 foiz bola maktablarga qabul qilingan.

22 may holatiga ko‘ra, 2868 ta ariza topshirilgan bo‘lib, ulardan 498 nafar bola test sinoviga kirishga ruxsat olgan. Bu esa ariza berganlarning 17 foizini tashkil etadi. Ta’lim muassasalariga qabul qilingan bolalar soni esa jami 4 foiz bo‘lgan.

Rosobrnadzor ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida 1700 ta test sinovi bo‘yicha ariza kelib tushgan, biroq 81 foiz holatda hujjatlardagi xato va noaniq ma’lumotlar sababli nomzodlar rad etilgan. Shuningdek, anketa ma’lumotlarining ko‘p qismi ishonchsiz ekani qayd etilgan.

Volodin ta’kidlashicha, Davlat Dumasida yaqin kunlarda migratsiya siyosasini takomillashtirishga qaratilgan yangi qonun loyihasi muhokama qilinishi kutilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, mahalliy ta’lim boshqarmalari migrant bolalar va ularning ota-onalari haqidagi ma’lumotlarni ichki ishlar organlariga taqdim etishi shart qilinadi. Bu ma’lumotlar orasida test natijalari, qabul va chiqarish haqidagi ma’lumotlar hamda maktabga murojaat qilgan shaxsning maxsus ro‘yxatda bor-yo‘qligi haqidagi axborotlar ham bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid