
Rossiyada oilaviy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol va uning uch farzandi O‘zbekistonga qaytarildi
20.05.2025 | 10:456422
Ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan kuchli bosim va tahqirlarga uchragan va vatanga qaytishga qaror qilgan. O‘zbekiston bosh konsulxonasi xodimlari ko‘magida Rossiyaning Surgut shahrida oiladagi zo‘ravonlik qurboniga aylangan fuqarolar O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Mazkur oila 2024 yil may oyida voyaga yetmagan ikki nafar farzand bilan birga Surgut shahriga kelgan. Oilaning uchinchi farzandi shu shaharda tug‘ilgan. Jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i Rossiya hududida qonuniy hujjatlarsiz turli joylarda ishlagan.
«Oiladagi yetishmovchiliklar, tayinli ish joyi va daromadning yo‘qligi sababli kelishmovchiliklar yuzaga chiqqan. Kunora bo‘layotgan janjaldan toqati toq bo‘lgan ona bolalarini olib O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan. Bundan xabar topgan ota ularning pasportlarini olib qo‘ygan», deyiladi xabarda.Diplomatlar zo‘ravon ota — Q.M.dan turmush o‘rtog‘i va farzandlarining hujjatlarini olib bergan va ularni Yekaterinburg shahriga olib kelgan. Shuningdek, I.M.ning Rossiyada tug‘ilgan uchinchi farzandiga vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgan. Ayol va uning 3 nafar farzandi 19 may kuni Yekaterinburg–Namangan aviayo‘nalishiga kuzatib qo‘yilgan.





