Logo

Rossiyadagi «Yandeks» data-markazi dronlar zarbasiga uchradi

Kecha 19:012 daqiqa

Bu Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Rossiyadagi data-markazga berilgan birinchi yirik dron zarbasi bo‘lishi mumkin.

Rossiyadagi «Yandeks» data-markazi dronlar zarbasiga uchradi

Rossiyaning Ryazan viloyatidagi «Yandeks» kompaniyasiga tegishli data-markaz dronlar hujumi oqibatida vaqtincha ishini to‘xtatdi. Rossiya va mustaqil manbalar hujum Ukraina dronlari tomonidan amalga oshirilganini bildirmoqda, biroq Kiyev buni rasman tasdiqlamagan.

8-oktabr kuni Ryazan viloyatining Sasovo shahrida joylashgan «Yandeks» data-markazi hududida dronlar zarbasidan keyin yong‘in sodir bo‘ldi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, hodisa ortidan markazdagi ishlar vaqtincha to‘xtatilgan.

Reuters xabar berishicha, bu Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Rossiyadagi data-markazga berilgan birinchi yirik dron zarbasi bo‘lishi mumkin. «Yandeks» markazdagi zarar ko‘lami haqida batafsil ma’lumot bermagan.

Markazda ikkita superkompyuter joylashgan

Sasovodagi data-markaz «Yandeks»ning Rossiyadagi beshta yirik ma’lumotlar markazidan biri hisoblanadi. Kompaniyaning avvalgi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda neyrotarmoqlarni o‘qitish uchun ishlatiladigan uchta superkompyuterdan ikkitasi — «Lyapunov» va «Chervonenkis» joylashgan.

«Yandeks» hozircha mazkur superkompyuterlar hujumdan zarar ko‘rgan-ko‘rmaganini ma’lum qilmagan. Uchinchi superkompyuter — «Galushkin» esa Vladimir shahrida joylashgan.

Hujumning aniq maqsadi ham hozircha noma’lum. Meduza ma’lumotiga ko‘ra, zarba «Yandeks» data-markazi joylashgan hududdagi «Sasta» stanoksozlik zavodiga yoki data-markazning o‘ziga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Ukraina tomoni hodisaga rasmiy munosabat bildirmagan.

Zarba ortidan Rossiyadagi ayrim onlayn xizmatlarda ham uzilishlar kuzatilgan. Jumladan, «Yandeks Cloud»ning ayrim xizmatlari, «Sian», Rossiya temir yo‘llari sayti va boshqa platformalarda texnik muammolar qayd etilgan. «Yandeks» aksiyalari Moskva birjasida 3 foizdan ko‘proq arzonlagan.

So‘nggi haftalarda Rossiya va Ukraina bir-birining raqamli infratuzilmasiga ham zarbalar bermoqda. Rossiya so‘nggi vaqtlarda Ukrainadagi bir qator data-markazlarni nishonga olganini bildirgan, Kiyev esa raqamli infratuzilmasining bir qismini yer ostiga ko‘chirayotganini ma’lum qilgan.

Teglar