add

Rossiyaning harbiy xarajatlari SSSRning so‘nggi davrlari miqyosiga yaqinlashmoqda — nemis iqtisodchisi

27.07.2025 | 20:3035393

Rossiyaning umumiy harbiy xarajatlari mamlakat YAIMining 10 foizigacha yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich SSSR parchalanishi oldidan qayd etilgan darajalarga yaqin ekanini aytmoqda nemis iqtisodchisi Yanis Klyuge.

Rossiyaning harbiy xarajatlari SSSRning so‘nggi davrlari miqyosiga yaqinlashmoqda — nemis iqtisodchisi
Uning tahlili Germaniyaning Frankfurter Allgemeine Zeitung nashrida e’lon qilindi. Klyuge bu hisob-kitoblarga faqat federal byudjet xarajatlarini emas, balki urush bilan bog‘liq ravishda mintaqaviy byudjetlar, ijtimoiy tizim va Milliy farovonlik jamg‘armasi orqali ajratilayotgan mablag‘larni ham qo‘shgan. Uning baholashicha, ayni paytda umumiy harbiy xarajatlar Rossiya YAIMining 8–10 foiziga teng. Tahlilchi bunday ko‘rsatkichlar sovet ittifoqi davridagi 10–20 foiz atrofidagi harbiy xarajatlarga yaqinlashib borayotganini ta’kidladi. Masalan, Stokholm tinchlik muammolarini o‘rganish instituti (SIPRI) 2024 yil yakunida Rossiyaning harbiy xarajatlarini YAIMning 7,1 foizi deb baholagan edi. Shu bilan birga, Klyuge SSSRdan farqli o‘laroq, Rossiya iqtisodiyoti hozircha barqarorligini yo‘qotmaganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hatto harbiy xarajatlar 15 foizga yetib borsa ham, mamlakat iqtisodiy inqirozga yuz tutmasligi mumkin. Ammo bu holatda oddiy rossiyaliklarning daromadi sezilarli darajada pasayishi aniq, deb ta’kidladi u. Klyuge bunga sabab qilib Rossiyada hali ham kapitalistik bozor tizimi saqlanayotganini ko‘rsatdi. Hukumat aralashuvlari, jumladan, milliylashtirish, bojlar va eksport-import cheklovlari hali iqtisodiy tizimni butunlay o‘zgartirmagan, deb hisoblaydi u.

Teglar

Mavzuga oid