Rossiyaning neft va gaz daromadi fevralda ikki barobar qisqarishi kutilmoqda
Rossiyaning fevral oyida neft va gazdan tushadigan daromadlari keskin qisqaradi. Prognozga ko‘ra, ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki barobar pasayadi.

«Reuters» agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yil fevral oyida Rossiya budjetiga neft va gaz sektori orqali 410 mlrd rubl, taxminan 5,35 mlrd dollar tushishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki barobar kam. Asosiy sabab sifatida jahon bozorida energiya resurslari narxining pasayishi va rubl kursining kutilmagan mustahkamlanishi ko‘rsatilgan.
Neft va gaz sektori federal budjet tushumlarining 20 foizidan ortig‘ini ta’minlaydi. Bu mablag‘lar ayni paytda asosan harbiy xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda. Shu bois, daromadlarning qisqarishi davlat moliyaviy barqarorligi uchun sezilarli xavf sifatida baholanmoqda.
Budjet bosimi kuchayadi
Yanvar–fevral oylari bo‘yicha umumiy neft va gaz daromadi 800 mlrd rubl atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilgi 1,56 trln rubl ko‘rsatkichidan qariyb ikki barobar kam. Oyma-oy hisobda daromad 3,1 foizga oshishi mumkin, ammo bu o‘sish asosan dempfer to‘lovlari hisobiga ta’minlanadi.
Ayni paytda neft kompaniyalari dempfer mexanizmi orqali davlatga taxminan 42 mlrd rubl o‘tkazishi kutilmoqda. Chunki tashqi bozorda yoqilg‘i sotish manfaatdorligi pasaygan. Bu esa eksport hajmi va daromadlarga bosimni kuchaytirmoqda.
Sanksiyalar va xavf
2026 yil budjeti neft va gaz daromadlari 8,92 trln rubl bo‘ladi, degan hisob-kitob asosida shakllantirilgan. Biroq hozirgi dinamika ushbu rejalarning amalga oshishiga shubha uyg‘otmoqda.
O‘tgan 2025 yilda ham neftegaz tushumlari 24 foizga qisqarib, 2020 yildan beri eng past darajaga tushgan edi. Tahlilchilarning fikricha, AQSH va Yevropa sanksiyalari xaridorlar doirasini qisqartirmoqda, bu esa Rossiyani neftni katta chegirmalar bilan sotishga majbur qilmoqda. Agar tendensiya saqlansa, 2026 yil yakunida budjet taqchilligi YAIM 1,6 foizi rasmiy prognozidan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.





