Sarmishsoy arxeologiya yodgorlik hududida noqonuniy oltin qazib olingani aniqlandi

Bugun 16:252 daqiqa

Navoiyda Sarmishsoy yodgorligi hududidan noqonuniy oltin qazish natijasida davlatga 111 mlrd so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.

Sarmishsoy arxeologiya yodgorlik hududida noqonuniy oltin qazib olingani aniqlandi © Видеодан кадр

Navoiy viloyatining Navbahor tumanida joylashgan Sarmishsoy arxeologiya yodgorligi hududida noqonuniy ravishda oltin qazib olish holati aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro ushbu hududdan qariyb 6 gektar yer maydonini auksion orqali sotib olgan. Mazkur yer uchastkasidan belgilangan maqsadlarga zid ravishda foydalanilgani aniqlangan. Hudud uch yil avval arxeologiya yodgorligi sifatida milliy ro‘yxatga kiritilib, davlat muhofazasiga olingan edi.

Tekshiruvlar davomida fuqaro 19 nafar ishchini jalb etgan holda tarkibida oltin bo‘lgan ma’danli toshlarni qo‘lbola usulda qazib olgani ma’lum bo‘ldi. Qazib olingan xomashyo qayta ishlanib, undan oltin zarrachalari ajratib olingan.

Ishlab chiqarish sexi faoliyati

Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida maxsus noqonuniy ishlab chiqarish sexi faoliyati fosh etildi. U yerdan 6 kilogrammga yaqin oltin bo‘lishi mumkin bo‘lgan qumsimon yarim tayyor mahsulotlar, 1,4 kilogramm kimyoviy moddalar va oltinni eritishga moslashtirilgan uskunalar daliliy ashyo sifatida olingan.

Shuningdek, to‘rtta JAC rusumli yuk avtomashinasi va to‘rtta yuklovchi traktor tekshiruv uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Yetkazilgan zarar

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qonunbuzarlik oqibatida davlat manfaatlariga hamda arxeologik yodgorlikka yetkazilgan zarar miqdori 111 milliard 489 million 672 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 196−2-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid