Savdo urushi: Rossiya Armanistonni cheklovlar bilan «bo‘g‘moqchi», Yevropa esa yordamga shoshmoqda
Rossiyaning importga qo‘ygan cheklovlariga javoban, Brussel Armanistonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida shoshilinch savdo choralarini ishlab chiqmoqda. Ayni paytda Yevropa Ittifoqi va Moskva o‘rtasida Janubiy Kavkazdagi ta’sir doirasi uchun raqobat tobora keskinlashmoqda.

Brussel va Moskva o‘rtasida Kavkaz respublikasining kelajagiga ta’sir o‘tkazish borasidagi kurash kuchayib borayotgan bir vaqtda, Yevropa Ittifoqi Rossiya cheklovlaridan ko‘rilgan zararni qoplash uchun Armanistonga zudlik bilan savdo imtiyozlarini taqdim etishga hozirlik ko‘rmoqda.
«The Financial Times» (FT) gazetasining 17-iyun kuni xabar berishicha, Yevropa komissiyasi Armanistonning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun belgilangan tariflarni pasaytirishni ko‘zda tutuvchi maxsus savdo choralarini ishlab chiqmoqda.
Brusselning bu tashabbusi Rossiya tomonidan Armanistondagi saylovlar oldidan joriy qilingan import cheklovlariga javob hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi ushbu cheklovlarni Yerevandagi g‘arbga moyil hukumatga bosim o‘tkazish urinishi deb hisoblamoqda.
«Hozir ularni qo‘llab-quvvatlash va ishonchli hamkor bo‘la olishimizni ko‘rsatishning ayni vaqti. Ularga do‘stlar kerak, biz esa o‘z qo‘shnilarimizni himoya qilishimiz zarur», – dedi nashr suhbatdoshlaridan biri.
FT bilan suhbatlashgan ikki manbaning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning ko‘pchiligi hamda Yevropa Parlamenti tomonidan ma’qullanishi lozim bo‘lgan bu choralar Rossiya taqiqiga uchragan 20 ga yaqin tovar turlarining aksariyatini qamrab oladi. Bu tovarlarning umumiy qiymati yiliga qariyb 420 million yevroga teng. Shuningdek, Brussel Moskvaning ushbu sobiq Ittifoq respublikasiga nisbatan savdo bosimini yanada kuchaytirishi mumkinligidan xavotirda ekani ham ta’kidlandi.
Vazirlar va komissarlar ishga kirishdi
FT nashri bilan suhbatlashgan yana ikki manbaning ta’kidlashicha, tegishli takliflar bir necha hafta ichida taqdim etilishi mumkin. 15-iyun kuni Luksemburgda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bu masalani Armaniston tashqi ishlar vaziri bilan muhokama qilgan. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos iyul oyi boshida Armanistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.
«Komissiya arman biznesiga Yevropa Ittifoqidagi yangi bozor imkoniyatlariga yo‘l ochishga yordam beradigan va mamlakat iqtisodiyotining eng ko‘p zarar ko‘rgan tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydigan maxsus savdo choralarini taklif qiladi», — dedi Yevropa komissiyasining rasmiy vakili Olof Gill FT nashriga bergan intervyusida.
Armanistonning Rossiya yetakchiligidagi bojxona ittifoqiga a’zo ekani Moskvaga bu mamlakatning import va eksportini nazorat qilish imkonini beradi. Bu holat, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining Yerevan bilan imtiyozli savdo bitimlari tuzish borasidagi harakatlarini qiyinlashtiradi.
Armaniston gullari, sharobi va boshqa tovarlari Rossiyada taqiq ostida
7-iyun kuni Armanistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari arafasida Rossiya arman mahsulotlari importiga taqiq qo‘yishni boshladi. Dastlab fitosanitariya talablari bahona qilinib, arman gullariga cheklov o‘rnatildi. Shundan so‘ng mineral suv, sharob, konyak, meva-sabzavot va baliq mahsulotlariga nisbatan ham shunday choralar qo‘llanildi. Ovoz berish jarayoniga uch kun qolganida esa Yevropa Ittifoqi Yerevanga moliyaviy yordam ajratishini va avval Rossiyaga jo‘natilishi kerak bo‘lgan minglab gullarni sotib olishini e’lon qildi.
Bunday bosimlarga qaramay, bosh vazir Nikol Pashinyanning g‘arbga moyil partiyasi saylovlarda g‘alaba qozondi. Yerevandagi mustaqil tahlil muassasasi – Mintaqaviy tadqiqotlar markazi asoschisi Richard Jiragosyan bu holatni shunday izohladi:
«Yevropa Ittifoqining yaqinda ajratgan 50 million yevrolik yordami ko‘proq gullar va boshqa mahsulotlarni sotib olish vositasi bo‘ldi. Bu juda tez yuz berdi va Rossiyaning tashlagan qadami teskari natija berganini ko‘rsatdi. Endi Yevropa Ittifoqi eksportga ko‘maklashishning ushbu yo‘nalishini yanada rivojlantirmoqchi».
Yevropa Ittifoqining «cheklangan choralari»
Shu bilan birga, Jiragosyan Armaniston savdo aylanmasida Rossiyaning ulushi nihoyatda katta ekanini eslatib, Yevropa Ittifoqi taklif etayotgan choralar faqatgina «vaqtinchalik yoki cheklangan» ahamiyatga ega bo‘lishidan ogohlantirdi.
Uning ta’kidlashicha: «Bu qadam Rossiyaning bozordagi ustunligi o‘rnini bosishga kamlik qiladi, shu bois ko‘rilgan choralar ko‘proq vaqtinchalik yechimdir».
FT nashriga intervyu bergan ikki manbaning qayd etishicha, Armanistonning asosiy eksport mahsulotlaridan biri hisoblangan konyak masalasi yordam dasturini ishlab chiquvchilarga biroz qiyinchilik tug‘dirmoqda. Sababi, Fransiya o‘zining milliy konyak sanoatini himoya qilishni nihoyatda muhim deb biladi.
Bundan tashqari, dengizga chiqish yo‘llariga ega bo‘lmagan bu mamlakatdan tez ayniydigan mahsulotlarni Turkiya yoki Gruziya orqali tashish bilan bog‘liq muammolar ham saqlanib qolmoqda.





