add

Shafqatsizlarcha o‘ldirilgan go‘dak, tarixda qolayotgan propiska, narxi osmon benzin — 11 iyul dayjesti

11.07.2025 | 22:0022258

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Shafqatsizlarcha o‘ldirilgan go‘dak, tarixda qolayotgan propiska, narxi osmon benzin — 11 iyul dayjesti
O‘zbekistonda antibiotiklardan noto‘g‘ri qo‘llanilmoqda — JSST Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2024–2025 yillarga oid hisobotida O‘zbekistonda antibiotiklardan noto‘g‘ri foydalanish va bolalarni emlash darajasining pasayishi kabi xavfli muammolarni qayd etdi. Tashkilotga ko‘ra, bolalarni infeksiyalarga qarshi emlash 1997 yildan buyon eng past darajaga tushgan. Bu infeksiya kasalliklarining keng tarqalishiga olib kelishi mumkin. Hisobotda, ayniqsa, qishloq hududlarda raqamli va texnik imkoniyatlar yetishmasligi tufayli infeksiyalarni erta aniqlash va dori vositalarini to‘g‘ri tavsiya etishda jiddiy muammolar mavjudligi ta’kidlangan. JSST «One Health» yondashuvini joriy etish, elektron retsept tizimini kengaytirish va sog‘liqni saqlash hamda veterinariya sohalarini integratsiya qilishni taklif qilmoqda.   AI-80 benzini narxi birjada 10 mln so‘mdan oshib, rekord darajaga yetdi O‘zbekistonda AI-80 benzini narxi 2025 yilda rekord darajaga yetdi — 10 iyul kuni bir tonnasining birja narxi 10,19 million so‘mni tashkil etdi. Benzin narxi iyun oyida Raqobat qo‘mitasi tomonidan belgilangan 5 foizlik chegaraning bekor qilinishi ortidan muntazam o‘smoqda. Narx oshib borishi bilan birga, benzin sotuv hajmi ham pasaygan. AI-80 asosan Buxoro neft zavodida ishlab chiqariladi va unga talab yuqori bo‘lganiga qaramay, sotuv hajmi 8,6 foizga kamaydi. Avvalgi yilda benzin uchun 9,37 mln so‘mlik cheklov mavjud bo‘lgan, ammo bu cheklov bekor qilingan. Prezident ekologik toza yoqilg‘iga o‘tish va AI-80 benzinidan foydalanishni qisqartirish vazifasini qo‘ygan.   Endi «Toshkent propiskasi» batamom bekor bo‘ladimi? O‘zbekistonda 10 iyul kuni qabul qilingan yangi qonunga muvofiq, fuqarolarni yashash yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga yagona, mamlakat bo‘ylab bir xil mexanizm joriy etildi. Endi mehmonxonalarda turganlar «E-mehmon» tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi, chet elda doimiy yashovchi o‘zbekistonliklar esa vatanga kelganidan so‘ng 10 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi. Qonunning eng muhim jihatlaridan biri — Toshkent shahri va viloyatidagi alohida propiska amaliyotini bekor qilishga qaratilgani. Yangi tartibga ko‘ra, respublika hududida fuqarolar uchun teng huquqli ro‘yxatdan o‘tish tizimi shakllantiriladi. Ro‘yxatga olish jarayoni Ichki ishlar organlari, Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali amalga oshiriladi.   Ulug‘bek Rashitovning antidoping qoidabuzarligi Olimpiada medallariga ta’sir qilmaydi Ulug‘bek Rashitovga nisbatan 2025 yilda chiqarilgan diskvalifikatsiya qarori uning Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiadalarida qo‘lga kiritgan oltin medallariga ta’sir qilmaydi. Milliy antidoping agentligiga ko‘ra, sportchi 2025 yil davomida Jahon antidoping kodeksi 2.4 bandini buzgan — ya’ni o‘z joylashuv manzilini uch marta noto‘g‘ri taqdim etgan. Qoidabuzarlik 2025 yil 25 fevraldan keyingi davrga taalluqli bo‘lgani uchun, ungacha erishilgan barcha natijalar haqiqiy deb hisoblanadi. Biroq, 25 fevraldan 13 maygacha bo‘lgan davrdagi barcha sport natijalari va sovrinlar bekor qilinadi. Shu davr mobaynida u mahalliy va xalqaro musobaqalarda qatnashishi taqiqlangan.   Ikki yoshli bolani og‘ziga choyshab tiqib, polga urib, qiynab o‘ldirgan tarbiyachiga hukm o‘qildi Toshkentdagi «Jajji nihollar» xususiy bog‘chasida 2 yoshli bola tarbiyachi va uslubchi tomonidan 3 kun davomida shafqatsizlarcha qiynab o‘ldirildi. Sud hujjatga ko‘ra, A.L. va G‘.V. o‘tgan yilning 9-11 dekabr kunlari oralig‘ida 2022 yilda tug‘ilgan Z.A. ni ovqatlanish va uxlashni xohlamagani uchun qiynab, tanasining turli qismlaridan urgan, kiyimlaridan tortib sudragan hamda yotgan holida tepgan, bir necha bor uloqtirib yuborgan. Sud tarbiyachi A.L.ni 6 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qildi, uslubchi G‘.V. esa 3 yillik ozodlikni cheklash jazosini oldi. Har ikkisi qilmishini tan oldi. Jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi 2024 yil 4 iyul kuni chiqarildi.

Teglar

Mavzuga oid