
Shveysariyada G‘azoga yordam fondi tekshiruvi boshlandi
26.05.2025 | 21:458113
Shveysariya hukumati G‘azo sektorida insonparvarlik yordamini tarqatish uchun tashkil etilgan Gaza Humanitarian Foundation (GHF) jamg‘armasi faoliyatini huquqiy jihatdan o‘rganishni boshladi. Ushbu dastlabki surishtiruv TRIAL International nodavlat tashkilotining talabiga binoan amalga oshirilmoqda.

TRIAL International o‘z murojaatini Shveysariya Tashqi ishlar departamenti (EDA) va ESA — fondlar faoliyatini nazorat qiluvchi boshqa bir organga yo‘llagan. Hozircha jamg‘armaning moliyaviy shaffofligi va qonunchilikka mosligi o‘rganilmoqda. Tekshiruv haqida birinchi bo‘lib nau.ch nashri xabar berdi.
GHF jamg‘armasi AQSH ko‘magida, Isroil rejasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, u G‘azo aholisiga yordam yetkazish markazlarini yaratish hamda insonparvarlik yordamini taqsimlash bo‘yicha amalda yagona huquqqa ega bo‘lishi kerak edi. Bu bilan xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT shobalari ham faqat shu jamg‘arma orqali faoliyat yuritishi kerak bo‘lar edi.
Biroq BMT va ayrim kuzatuvchilar GHFning moliyaviy tizimi ochiq emasligi, uning faoliyati falastinlik aholining ommaviy ko‘chishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirishdi. BMTning Favqulodda yordam koordinatori Tom Fletcher GHF ish rejasini qattiq tanqid qildi.
Hozirda Shveysariya tomoni jamg‘armaning qonuniy faoliyat olib borgan-bormaganini tekshirmoqda. Tekshiruv natijalari keyinchalik e’lon qilinishi kutilmoqda.





