Si Jinping: «Tayvan masalasi AQSH va Xitoy o‘rtasida to‘qnashuvga olib kelishi mumkin»

Bugun 18:252 daqiqa

AQSH va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarda Xitoy rahbari Vashington Tayvan masalasida xato qaror qabul qilsa, ikki davlat o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqishi mumkinligini aytdi.

Si Jinping: «Tayvan masalasi AQSH va Xitoy o‘rtasida to‘qnashuvga olib kelishi mumkin»

Pekindagi Xalq yig‘ini saroyida Xitoy rahbari Si Jinpin va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida Tramp bu sammitni «tarixdagi eng yaxshi uchrashuvlardan biri» bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Asosiy maqsad iqtisodiy va savdo munosabatlaridagi ziddiyatlarni yumshatish edi.

Biroq muzokaralar davomida Si Jinpin Tayvan masalasida keskin bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur muammoga noto‘g‘ri yondashuv ikki davlat munosabatlarini xavfli bosqichga olib kirishi mumkin.

«Agar bu masala to‘g‘ri hal qilinsa, munosabatlar barqaror qoladi. Noto‘g‘ri yondashuv esa ziddiyat va hatto to‘qnashuvga sabab bo‘lishi mumkin», dedi Xitoy rahbari.

Tayvan atrofidagi ziddiyat

Pekin Tayvanni Xitoy hududining bir qismi deb hisoblaydi va uni nazoratga olish masalasida qat’iy pozitsiyada qolmoqda. Vashington esa Tayvan mustaqilligini rasman qo‘llab-quvvatlamasligini bildirib keladi, ammo orol bilan norasmiy aloqalarni saqlab turibdi.

Tramp esa Jinpinning ogohlantirishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabat bildirmadi. Jurnalistlar savoliga u faqat «ajoyib. Bu joy juda zo‘r. Aqlbovar qilib bo‘lmaydi. Xitoy juda go‘zal», deyish bilan cheklandi.

Muzokaralar ikki soatdan ortiq davom etdi. Rasmiy ma’lumotlar asosan Xitoy davlat OAVlari orqali tarqatildi. G‘arb jurnalistlari esa uzoq vaqt davomida muzokara natijalari bo‘yicha aniq axborot ololmadi.

Eron va neft mavzusi

Uchrashuvda Eron mavzusi ham muhokama qilindi. Tramp Pekindan Tehronga ta’sir o‘tkazishni so‘ragani aytilmoqda. AQSH Erondan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va yadroviy dasturni to‘liq to‘xtatishni talab qilmoqda.

Tahlilchilar fikricha, Xitoy Eron bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lsa-da, Pekinning Tehronga bosimi cheklangan. Shu sababli Vashington kutgan darajadagi natijaga erishish qiyin bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 13-may kuni Tramp Xitoyga bordi. Donald Trampga ushbu safarda yirik biznes va texnologiya sohasi vakillari hamrohlik qilmoqda. Delegatsiya tarkibidan Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask, Apple rahbari Tim Kuk, Nvidia bosh direktori Djensen Xuang, shuningdek, Boeing, Meta, Citi, Goldman Sachs, Mastercard va Visa kompaniyalarining top-menejerlari o‘rin olgan.

Teglar

Mavzuga oid