Logo

Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish bo‘yicha Markaziy bankning e’tirozlariga javob qaytardi

Bugun 09:252 daqiqa

Markaziy bankning yirik P2P o‘tkazmalarini soliq nazoratiga olish tashabbusini to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Konstitutsiyaga zid» deb baholagani ortidan, Soliq qo‘mitasi bayonot bilan chiqdi. Qo‘mita mazkur loyiha fuqarolarning shaxsiy pullari ustidan ommaviy nazorat o‘rnatishni anglatmasligini aytmoqda.

Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish bo‘yicha Markaziy bankning e’tirozlariga javob qaytardi © Davlat soliq qo'mitasi

Markaziy bankning yirik P2P o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni talab qilish Konstitutsiyaga zid ekanligi to‘g‘risidagi bayonoti ortidan, Soliq qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi. Qo‘mita regulyatorning pozitsiyasini hurmat qilishini va bu tashabbus fuqarolar ustidan ommaviy nazorat o‘rnatishni anglatmasligini ta’kidlamoqda.

Soliq qo‘mitasining rasmiy bayonotida banklar bilan har qanday axborot almashinuvi faqat qonun doirasida, bank sirini saqlash va fuqarolarning tizimga bo‘lgan ishonchini ta’minlash sharti bilan amalga oshirilishi lozimligi qayd etilgan.

«Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi P2P-o‘tkazmalar o‘z-o‘zidan soliq solish obyekti hisoblanmaydi va bu fuqarolarning shaxsiy o‘tkazmalari ustidan ommaviy nazorat o‘rnatishni anglatmaydi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qo‘mita munosabatida Konstitutsiyaning 41-moddasida bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar siri qonun bilan kafolatlanishi belgilangani e’tirof etilib, ushbu masalalar amaldagi «Bank siri to‘g‘risida»gi qonun va Soliq kodeksi bilan ham tartibga solinishi qo‘shimcha qilingan.

Unga ko‘ra, bank mijozining soliqqa oid ma’lumotlari faqat qonunchilikda nazarda tutilgan hollardagina taqdim etilishi kerak.

«Loyihaning mohiyati banklar bilan o‘zaro hamkorlikning xavfsiz, aniq va xalqaro amaliyotga mos formatini shakllantirishdan iborat», — deyiladi qo‘mita munosabatida.

Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror loyihasining jamoatchilik muhokamasi yakunlangan. Kelib tushgan barcha takliflar, shu jumladan, Markaziy bankning pozitsiyasi ham diqqat bilan o‘rganilib, shundan so‘ng tegishli xulosalar chiqarilishi aytilmoqda.

Markaziy bankning bayonoti


Eslatib o‘tamiz, bir kun avval Markaziy bank Soliq qo‘mitasining bir oy davomida 500 BHM (206 mln so‘m) dan ortiq P2P o‘tkazmalari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga berishni nazarda tutuvchi loyihasiga keskin qarshi chiqqan edi.

Regulyator bunday talab to‘g‘ridan-to‘g‘ri Konstitutsiyaning 41-moddasiga (bank operatsiyalari va omonatlarning sir tutilishi) zid ekanligini ta’kidlagan. Markaziy bank, shuningdek, ushbu nazorat mexanizmi naqd pul aylanmasining oshishiga, mablag‘larning bank tizimidan tashqari norasmiy muomalaga o‘tishiga va mamlakatda yashirin iqtisodiyot ulushining o‘sishiga olib kelishidan ogohlantirgan edi.

Teglar

Mavzuga oid