add

Soliq qo‘mitasi shubhali operatsiyalarga aloqador kompaniyalar ro‘yxatini e’lon qildi

14.10.2025 | 14:0031413

O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi norasmiy iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullangan va shubhali operatsiyalarda ishtirok etgan 7 ming 522 ta kompaniya haqida ma’lum qildi.

Soliq qo‘mitasi shubhali operatsiyalarga aloqador kompaniyalar ro‘yxatini e’lon qildi
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 7 ming 522 ta kompaniya qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) asossiz ravishda kamaytirish orqali qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan. Ular haqidagi yangilangan ma’lumotlar Soliq qo‘mitasining rasmiy veb-saytida muntazam e’lon qilib boriladi. «Faqat shu yilning o‘zida iqtisodiy mazmunga mos bo‘lmagan shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 902 ta sub’ekt aniqlandi», — deyiladi qo‘mita bayonotida. Soliq organlari tadbirkorlarga hamkor tanlashda Soliq kodeksi talablariga ko‘ra ehtiyotkorlik bilan ish yuritishni tavsiya qilmoqda. Xususan, kontragentning moliyaviy hisobotini tekshirish, ofis va omborning mavjudligini tasdiqlash, xodimlar sonini va faoliyatning haqqoniyligini baholash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, kompaniyaning obro‘sini ijtimoiy tarmoqlar va ochiq manbalar orqali tekshirish tavsiya etilmoqda. Qo‘mita ogohlantirishicha, agar kontragent norasmiy iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullansa, bunday operatsiyalar hisobga olinmasligi va soliqlar qayta hisoblanishi mumkin. Bu holat tadbirkor uchun soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida baholanishi ehtimoli bor. Shu yildan Soliq qo‘mitasi elektron schyot-fakturalar (ESF) rasmiylashtirish jarayonida xavflarni baholash tizimini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu tizim shubhali operatsiyalarni bartaraf etish, noqonuniy QQS qaytarish sxemalarini cheklash va biznes xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Ilk natijalarga ko‘ra, yuzlab milliard so‘mlik shubhali operatsiyalar fosh etilgan.

Teglar

Mavzuga oid