add

Soqqasini berib daraxt kesayotganlar, ko‘cha supuruvchini «uxlatib» Hajga ketgan brigadir va taqdiri hal bo‘lgan Fayzullayev — 17 iyul dayjesti

17.07.2025 | 22:0019869

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Soqqasini berib daraxt kesayotganlar, ko‘cha supuruvchini «uxlatib» Hajga ketgan brigadir va taqdiri hal bo‘lgan Fayzullayev — 17 iyul dayjesti
Endi qamoqdan chiqqanlar ham nafaqa oladi Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga 2,2 million so‘m miqdorida bir martalik nafaqa to‘lash tartibi joriy etildi. Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 iyuldagi 444-sonli qaroriga asosan, bu nafaqa «E-probatsiya» axborot tizimi orqali tayinlanadi hamda mahalliy probatsiya bo‘limlari orqali fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqiladi. Fuqaro jazoni o‘tab, erkinlikka chiqqanidan so‘ng 1 oy ichida yashash joyidagi probatsiya bo‘limiga murojaat qilishi kerak. Ariza qabul qilingach, tegishli organ 1 ish kunida nafaqa tayinlangani va uni qayerdan olish mumkinligini xabar qiladi. Mablag‘ni tijorat banki filiallaridan shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan olish mumkin. Bu tartib jamiyatga qayta integratsiya jarayonini yengillashtirish hamda moliyaviy qiyinchiliklarni yumshatish maqsadini ko‘zlaydi.   Abbosbek Fayzullayev ham endi Turkiyada to‘p suradi Rossiyaning SSKA jamoasida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik hujumkor yarim himoyachi Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga o‘tishi mumkin. Turk jurnalisti Osman Altunterimning ma’lum qilishicha, ikki klub o‘rtasida kelishuvga erishilgan va Moskva klubi futbolchi uchun 7 million yevro oladi. Fayzullayev SSKA safiga 2023 yilda Toshkentning «Paxtakor» klubidan kelib qo‘shilgan edi. U SSKAda 72 uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol va 22 ta golli uzatma amalga oshirgan. 2024/25 mavsumda esa u 39 o‘yinda ishtirok etdi, jamoasi bilan Rossiya Kubogi va Superkubogini yutdi. Futbolchining Turkiyadagi kelajagi borasida turlicha fikrlar yangramoqda. Jumladan, SSSRning sobiq futbolchisi Vladimir Ponomaryov Fayzullayevning Turkiya yoki Yevropada muvaffaqiyat qozona olishiga shubha bildirgan.   Xorijdagi o‘zbeklar Vatanga pul jo‘natish rekordini yangiladi 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 8,2 milliard dollarga yetdi — bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 27 foizga ko‘p. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, mablag‘larning katta qismi — 6,4 milliard dollari Rossiyadan yuborilgan. Qolgan mablag‘lar Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu o‘sishga xorijda ishchi kuchiga bo‘lgan talab, yuqori ish haqi hamda milliy valyuta kursining barqarorligi ta’sir etgan. Pul o‘tkazmalari geografiyasi ham kengaymoqda: Britaniyadan ikki barobar, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 41 foiz, AQSHdan esa 15 foizga ko‘proq mablag‘ kelgan. To‘lov usullari orasida esa an’anaviy tizimlar (53%) va to‘g‘ridan-to‘g‘ri karta o‘tkazmalari – P2P (44%) yetakchilik qilmoqda. SWIFT orqali o‘tkazmalar esa sezilarli kamaygan. Shunday bo‘lsa-da, O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul miqdori 1,2 milliard dollar atrofida saqlanib qolgan.   Sirdaryoda obodonlashtirish brigadasi boshlig‘i ko‘cha supuruvchi ayol nomiga kredit olib hajga bordi Sirdaryo viloyatida obodonlashtirish brigadasi rahbari qo‘l ostida ishlovchi ayol nomiga kredit rasmiylashtirib, uning hisobidan xotini bilan haj safariga jo‘nab ketgan. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov «Jasorat maktabi»da o‘tkazilgan suhbatda ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qarzni to‘lash majburiyatini ayol zimmasiga tushgan va qarzni o‘z vaqtida to‘lay olmagach, u hatto o‘zini osish darajasiga yetib kelgan. Turdimov voqea yuzasidan jabrlangan ayol hamda brigadir bilan suhbat tashkil qilinganini ma’lum qildi. Ammo brigadir uchrashuvga kelmagan, faqat keyinchalik xijolat bo‘lib, olingan pullarni qaytargan. Hokim bunday holatlar odamlarning og‘ir hayot kechirayotgani, biroq baribir bag‘rikeng ekanini ko‘rsatishini ta’kidladi.   «Shundoq ham kesilib yotibdi» — Murod Nazarov daraxt kesishni qonuniylashtirish taklifini berdi Taniqli tadbirkor va «Murad Buildings» kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov qurilish paytida daraxtlar kesilishini qonuniylashtirish taklifini ilgari surdi. Uning fikricha, mavjud cheklovlar korrupsiyani kuchaytirmoqda, shuning uchun muammoni hal qilish uchun institutsional mexanizm yaratilishi kerak. Nazarov qurilish ishlari sabab daraxtlarni kesish zarurati tug‘ilishi va buni oldindan rejalashtirib, kompensatsiya sifatida daraxt ekish tizimi joriy etilishini taklif qildi. Bunda har bir qurilgan bino uchun oldindan belgilangan miqdorda va o‘lchamda yangi daraxtlar ekilishi, yoki developerlar daraxt ekish «limiti»ni uchinchi shaxslardan xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Ammo tadbirkorning bu bayonoti jamoatchilikda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. «Yuksalish» harakati va faollar bu tashabbusni yashil hududlarni yo‘q qilishga qaratilgan, jazosizlikni oqlaydigan yondashuv sifatida baholashmoqda. Shu bilan birga, bu fikrlar Toshkentning bosh rejasiga imkonsiz o‘zgartirishlar kiritilayotgani haqidagi xavotirlarni ham kuchaytirdi.

Teglar

Mavzuga oid