
Sun’iy intellektdan foydalanib shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatishga ma’muriy javobgarlik belgilandi
12.08.2025 | 13:302395
Cun’iy intellekt orqali ma’lumotlardan foydalanish va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishning huquqiy asoslarini belgilaydigan qonun loyihasi qabul qilindi.

Oliy Majlisda sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Loyiha bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan.
Qonunga ko‘ra, «sun’iy intellekt» tushunchasi, uni joriy etish va rivojlantirishga oid davlat siyosatining asoslari, maxsus vakolatli organ vazifalari hamda axborot resurslari va tizimlarida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy huquqiy asoslari belgilandi.
Hujjatda insonning huquq va erkinliklariga taalluqli, yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt xulosasiga tayanish mumkin emasligi aniq yozib qo‘yildi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsiy ma’lumotlarga qonunga xilof ishlov berish va ularni ommaviy axborot vositalari yoki internet orqali tarqatish uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Qonunning qabul qilinishi sun’iy intellektdan foydalanishni rivojlantirish, bu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va noqonuniy tarqatish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, hujjat asosida kelgusida sun’iy intellekt sohasiga oid yangi qonun hujjatlari ishlab chiqilishi kutilmoqda.
Avvalroq Microsoft sun’iy intellektning mehnat bozoriga ta’siri haqidagi hisobotini taqdim etdi. Unda kelgusida to‘liq avtomatlashtirilishi mumkin bo‘lgan 40 ta kasb aniqlangan.
Ro‘yxatga tarjimon, marketolog, yozuvchi, muharrir, buxgalter, aloqa markazi operatorlari va hatto modellar – vazifalari matn, til, ma’lumotlar yoki vizual kontent bilan bog‘liq bo‘lganlarning barchasi kiritilgan. Biroq massajchi, xonadon xizmatkorlari, tom yopuvchi va shifokorlar kabi jismoniy va qo‘l mehnatini talab qiladigan kasblar hozircha SIdan eng kam zarar ko‘ruvchi bo‘lib qolmoqda.
Microsoft kompaniyasi katta ilmiy xodimi Kiran Tomlinsonning aytishicha, tadqiqotning maqsadi odamlarni qo‘rqitish emas. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt (SI) qayerda odamlarga yordam berishi va qayerda ularning o‘rnini bosishi mumkinligini aniqlash muhim.
«Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini yo‘q qilish uchun emas, balki ishni bajarish usulini o‘zgartirishi mumkin», — dedi Tomlinson.Shunga qaramay, Microsoft kompaniyasi 2025 yilda aynan SI bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra 15 mingdan ortiq xodimini ishdan bo‘shatgan.





