Surxondaryo hokimlariga investitsiya hajmini 3 mlrd dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi
Prezident Surxondaryo viloyatidagi rahbarlarga investitsiya, eksport va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlarni belgilb berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda viloyat hokimi va tuman hokimlari oldiga joriy yilda investitsiyalar hajmini 3 milliard dollarga, eksportni esa 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Hududdagi kambag‘allik darajasi
Yig‘ilishda hududda kambag‘allik darajasini 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabot tumanlarini «kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud»ga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
So‘nggi to‘qqiz yilda viloyat iqtisodiyotida sanoat ulushi 5 barobar o‘sib, 10 foizga yetgani qayd etildi. Biroq bu ko‘rsatkich hali ham yetarli emasligi ta’kidlanib, sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi.
Ko‘mir qazib olish konlari
Viloyatda 100 million tonna ko‘mir zaxirasi mavjud bo‘lsa-da, hozircha yillik qazib olish hajmi atigi 1 foizni tashkil etmoqda. Joriy yilda Boysundagi «Sanjar» va Oltinsoydagi «Oqsuv», kelasi yil esa «Fangart» konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi.
Janubiy Afrikaning «Sosol» kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Shuningdek, Sariosiyodagi «Qorakon», «Jemsonit», «Chuqur», «Bayram-1» konlariga xitoylik investorlar 1 milliard dollar sarmoya kiritishga tayyor ekani ma’lum qilindi.
Bu zaxiralar elektronika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya va avtomobilsozlik tarmoqlari uchun mustahkam xomashyo bazasini yaratadi. Prezident konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hisob-kitoblar qilib, kamida 200 million dollarlik loyihalar shakllantirishni topshirdi.
Shuningdek, Boysundagi «Bezaktop» konida tabiiy tosh zaxiralarini o‘rganish ishlarini boshlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ushbu toshlar sifati Eron, Turkiya va Italiya mahsulotlari bilan raqobatlasha olishi qayd etildi.





