Tabiiy fanlarda 83 ball ko‘tarilish, Prezident maktablari ishtiroki va e’lon qilinmagan ikki natija — O‘zbekistonning ta’limdagi ko‘rsatkichlari qanday?
PISA-2025 reytingida O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha natijasi 83 ballga oshib, mamlakat 48-o‘ringa ko‘tarildi. Biroq matematika va o‘qish bo‘yicha natijalar e’lon qilinmagan, ta’limdagi tabaqalashuv va Prezident maktablarining reyting natijalariga ta’siri yuzasidan ham savollar ochiq qolmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan PISA 2025 xalqaro baholash dasturi natijalari Ta’lim forumi doirasida rasman e’lon qilindi.
PISA (Programme for International Student Assessment) — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro baholash tadqiqoti bo‘lib, unda 15 yoshli o‘quvchilarning bilimni real hayotdagi vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyati baholanadi. 2025-yilgi tadqiqotda 91 mamlakat va iqtisodiyotdan 760 mingdan ortiq o‘quvchi qatnashdi.
O‘zbekiston ushbu tadqiqotda ikkinchi marta qatnashmoqda. Tadqiqotda mamlakatdagi xalqaro tashkilot tomonidan tasodifiy tanlab olingan 233 ta maktabning 8 652 nafar 15 yoshli o‘quvchilari ishtirok etgan.
Tabiiy fanlarda 48-o‘rin
O‘zbekistonlik o‘quvchilar tabiiy fanlar yo‘nalishida 438 ball to‘plab, 91 ta davlat hamda ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi.
Mamlakatning 2022-yildagi natijasi 355 ball bilan 80-o‘rin bo‘lgan. Uch yil ichida ball 83 punktga oshib, reyting 32 pog‘onaga yaxshilangan.
O‘sish nafaqat o‘rtacha ball, balki bazaviy bilim va ko‘nikmalarni egallagan o‘quvchilar ulushida ham ko‘rinadi. PISA mezonlarida 2-daraja bazaviy daraja hisoblanadi. Ushbu darajaga erishgan yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ulushi 2022-yildagi 19 foizdan 2025-yilda 65 foizga yetgan.
Raqamli ko‘nikmalarda 72-o‘rin
PISA–2025 doirasida o‘quvchilarning «Raqamli dunyoda o‘rganish» yo‘nalishidagi ko‘nikmalari ham baholandi.
O‘zbekiston bu yo‘nalishda 402,4 ball to‘plab, 72-o‘rinni egalladi. Bu natija tabiiy fanlardagi ko‘rsatkichdan ancha past bo‘lsa-da, u o‘quvchilarning raqamli muhitda bilim olish va texnologiyalardan foydalanish qobiliyati o‘rtacha darajada ekanini ko‘rsatadi.
Matematika va o‘qish savodxonligi natijalari shubhali
Mamlakatning matematika va o‘qish savodxonligi ko‘rsatkichlari esa shubhali deb topilib, e’lon qilinmadi.
IHTT O‘zbekistonda ushbu ikki yo‘nalish bo‘yicha javob ma’lumotlarida qator nomutanosibliklar aniqlanganini bildirgan. Bunday nomutanosibliklar ayrim maktablar va hududlarda ko‘proq uchragani sababli natijalarni boshqa davlatlar yoki avvalgi yillar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash imkoniyati cheklangan.
«Boshqa yo‘nalishlar — tabiiy fanlar hamda “Raqamli dunyoda o‘rganish” bo‘yicha javob ma’lumotlarida bunday muammolar aniqlanmadi va ulardan natijalarni e’lon qilishda foydalanish mumkin», — deyiladi hisobotda.
Shu sababli O‘zbekistonning PISA–2025 natijalari faqat tabiiy fanlar va «raqamli dunyoda o‘rganish» ma’lumotlari asosidagi jadval hamda ko‘rsatkichlarda e’lon qilindi. Matematika va o‘qish bo‘yicha natijalar qo‘shimcha o‘rganilgandan keyin e’lon qilinishi mumkin.
IHTT bilan muzokaralar davom etmoqda
Abdulla Avloniy nomidagi institut rektori Abduvali Ismoilovning ma’lum qilishicha, ushbu masala yuzasidan IHTT bilan muhokamalar olib borilmoqda. Uning ta’kidlashicha, matematika va o‘qish natijalarini chuqur tahlil qilish hamda ularga ta’sir qilgan omillarni o‘rganishdan so‘ng ularni e’lon qilish bo‘yicha alohida xulosa qabul qilinadi.
Ismoilov tabiiy fanlar bo‘yicha natijalar o‘sishini so‘nggi yillardagi ta’lim islohotlari, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi va PISA’da baholanadigan ko‘nikmalarni ta’lim jarayoniga joriy etish bilan izohladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda o‘qituvchilar uchun kasbiy rivojlanish kuni va soati doirasida xalqaro tajribaga asoslangan treninglar o‘tkazilgan. Shuningdek, PISA formatidagi topshiriqlar va tegishli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan materiallar hamda platformalar ta’lim jarayoniga joriy etilgan.
Tadqiqotida prezident maktablarining ishtiroki ballni sun’iy oshirdimi?
2025-yilda xalqaro PISA tadqiqotida O‘zbekistondagi barcha prezident maktablari va 3 ta ixtisoslashtirilgan maktab ham qatnashgan. O‘sha vaqtlarda jamoatchilik faollari ta’lim muassasalarini tanlashda reprezentativlik tamoyili buzilganini aytib, bu o‘rtacha ballni sun’iy oshirishiga e’tiroz bildirgandi.
O‘sha vaqtlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bo‘lgan Hilola Umarova esa vaziyatga quyidagi izoh bergan:
«PISA tadqiqotida ishtirok etish uchun O‘zbekistondagi 233 ta maktab tasodifiylik tamoyili asosida tanlab olingan. Maktablarni tanlash jarayoniga vazirlik umuman aralashmaydi, OECD tanlab, o‘tkazadi. Vazirlikka haqqoniy tahlil, natijalar kerak. Ko‘zbo‘yamachilik emas».
PISA tadqiqoti asoschisidan rasmiy munosabat
PISA tadqiqoti asoschisi Andreas Shleyxer esa o‘tgan yili Gazeta.uz’ga bergan izohida prezident maktablari tasodifiy emas, aksincha, hukumat taklifi bilan qo‘shimcha kiritilganini ma’lum qilgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident maktablari O‘zbekistonning standart, proporsional tanlanmasiga qo‘shimcha guruh sifatida kiritilgan. Shu sababli ularning natijalari mamlakat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich hisoblanayotganda boshqa o‘quvchilar bilan teng vaznda olinmaydi.
«PISA natijalarni hisoblashda muayyan turdagi maktablar umumiy natijaga haddan tashqari katta ta’sir qilmasligi uchun tanlanmaga vazn berish metodikasini qo‘llaydi», — deya tushuntirgan Shleyxer.
Ya’ni prezident maktablaridagi o‘quvchilar soni mamlakatdagi jami PISA talablariga mos o‘quvchilar soniga nisbatan qanchalik kichik bo‘lsa, ularning yakuniy natijaga ta’siri ham shunga mos ravishda kamayadi. Ularning alohida tanlanma sifatida ishtirok etishi esa ushbu maktablarning ta’lim natijalarini mustaqil tahlil qilish imkonini beradi.
Shleyxer O‘zbekistonning tanlanmasi hududlarning urbanizatsiya darajasiga qarab 27 ta guruhga ajratilganini ham ma’lum qilgan. Maktab va o‘quvchilar dastlab ushbu guruhlardagi ularning umumiy soniga mutanosib ravishda tanlangan. Prezident maktablari esa keyinchalik alohida guruh sifatida qo‘shilgan.
Uning ta’kidlashicha, prezident maktablarining tanlanmadagi ulushi oshirilgan bo‘lsa-da, ular O‘zbekistonning umumiy PISA natijalarida haddan tashqari katta vaznga ega bo‘lmaydi.
Shu bois, PISA tadqiqotchisi nuqtai nazaridan, prezident maktablarining ishtiroki tadqiqotning mamlakat bo‘yicha natijalarini buzmaydi. Aksincha, ularning alohida hisobga olinishi ushbu ta’lim muassasalarining samaradorligi haqida qo‘shimcha ma’lumot olish imkonini beradi.
«Ammo bu natijalarga prezident maktablarining yoppasiga qatnashishi qanday ta’sir qilgani hozircha ochiqlanmadi», — deb yozadi ta’lim eksperti Komil Jalilov Telegram sahifasida.
Abdulla Avloniy nomidagi institut rektori esa prezident maktablarining tabiiy fanlar bo‘yicha umumiy natijaga ta’siri ham katta bo‘lmaganini qayd etmoqda. Uning aytishicha, ularning ulushi umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichga ta’sir qiladigan darajada emas.
Markaziy Osiyo va dunyoda yetakchi mamlakatlar
PISA–2025 natijalarida tabiiy fanlar va matematika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni Xitoyning Pekin, Shanxay, Szyansu va Chjetszyan hududlari o‘quvchilari qayd etdi. O‘qish savodxonligi hamda masalani komputer yordamida yechish bo‘yicha esa Singapur yetakchilik qildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball bilan 48-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich IHTT mamlakatlari o‘rtachasidan 44 ball past bo‘lsa-da, Qozog‘istonning 420, Ozarboyjonning 409, Qirg‘izistonning 363 va Dushanbening 334 ballik natijasidan yuqori.
Raqamli ko‘nikmalar yo‘nalishida O‘zbekiston 402 ball bilan mintaqada Qozog‘istondan keyingi ikkinchi natijani qayd etdi. Qozog‘iston 449 ball, Ozarboyjon va Qirg‘iziston esa 388 balldan to‘plagan.
O‘qish savodxonligida Qozog‘iston 385 ball bilan mintaqada yetakchi bo‘lgan bo‘lsa, Ozarboyjon 374, Dushanbe 368, Qirg‘iziston 344 ball qayd etdi. Matematikada esa Ozarboyjon 422, Qozog‘iston 414, Dushanbe 382 va Qirg‘iziston 364 ball to‘plagan.
Tojikiston tadqiqotda ilk bor ishtirok etib, faqat Dushanbe maktablarini qamrab olgan.
«Biz xalqaro tavsiyalarga teskari ishlayapmiz»
Aprel oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari ishtirokida OAV uchun matbuot anjumani o‘tkazilgandi. Unda ta’lim eksperti Komil Jalilov O‘zbekistonda xalqaro tadqiqotlar natijalari va ta’lim siyosati o‘rtasidagi ziddiyatlarga e’tibor qaratdi.
Komil Jalilovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston PISA, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, ularning xulosalari ta’lim siyosatini shakllantirishda to‘liq inobatga olinmayapti.
«Masalan, PISA va OECD ekspertlari ta’limni haddan tashqari tabaqalashtirmaslik kerakligini ta’kidlaydi, chunki bu umumiy sifatni oshirmaydi, aksincha tengsizlikni kuchaytiradi. Ammo bizda ixtisoslashgan va prezident maktablari soni ortib, o‘quvchilar o‘rtasida ajratish kuchaymoqda», — dedi u.
Ekspert, shuningdek, o‘qituvchilar avtonomiyasining cheklanayotgani va baholash tizimida yodlashga asoslangan yondashuv hali ham ustunligini tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, PISA bilimni yodlashdan ko‘ra uni amaliyotda qo‘llash va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini baholaydi.
Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, davlat xalqaro tadqiqotlarga mablag‘ sarflayotgan ekan, ular natijasida berilgan tavsiyalar ta’lim siyosatida ham amaliy qo‘llanishi kerak.
Vazirlik izohi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev mutaxassis savollariga javob berar ekan, PISA natijalari bo‘yicha muammolarni inkor etmadi.
«PISA natijalari bo‘yicha ham vazirlikda ishchi guruh tuzilgan va ishlar boshlangan. Ushbu tadqiqotlarda asosiy tanqid — ta’limda yodlashga urg‘u berilayotgani. Shuni inobatga olgan holda, yangi baholash tizimi joriy etildi. Unda faqat nazariy bilim emas, balki o‘quvchining bilimni amalda qo‘llay olishi ham baholanmoqda», — dedi Turdiyev.
Uning ta’kidlashicha, maktablarda loyiha ishlari ham joriy etilgan. Bu o‘zgarishlar samarasi kelgusi PISA natijalarida namoyon bo‘lishi kutilmoqda.
Maktablar o‘rtasidagi tabaqalashuv masalasiga to‘xtalar ekan, Turdiyev har bir davlat o‘z imkoniyatlari va sharoitiga mos ta’lim yo‘lini tanlashini aytdi. Uning fikricha, boshqa davlat modelini to‘liq ko‘chirish to‘g‘ri emas.
Ayni paytda O‘zbekistonda 11 mingga yaqin maktab bor. Ularning barchasini yuqori darajaga olib chiqish vazirlikning asosiy maqsadlaridan biri, ammo bu jarayon mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Teglar
