Qayta baholashdan so‘ng ko‘chmas mulkning qiymati oshsa, soliq ham ko‘payadimi?
Toshkentda ko‘chmas mulk qiymati qayta baholanmoqda. Ayrim uy-joylar qiymati bir necha baravar oshgani soliqlarga ham ta’sir qiladimi? Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi bu haqda ma’lumot berdi.

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi direktor o‘rinbosari Feruz Sultonov Toshkent shahrida amalga oshirilgan ommaviy baholash natijalari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Prezidentning 2025-yil 5-martdagi 43-sonli farmoniga muvofiq, ko‘chmas mulk obyektlarini bosqichma-bosqich bozor narxiga yaqin qiymatda baholash belgilangan.
Shu asosda Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi eksperiment tariqasida Toshkent shahridagi turar joylarning bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlash bo‘yicha ommaviy baholash ishlarini o‘tkazgan. Ushbu baholash natijalari 2026-yil 5-sentabrdan boshlab jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Agentlikka ko‘ra, ommaviy baholash ko‘p sonli ko‘chmas mulk obyektlarining qiymatini bir vaqtning o‘zida aniqlashning raqamli usuli hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlaridan biri respublikadagi 9 mln dan ortiq turar va noturar joy hamda qariyb 8 mln yer uchastkasining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymatini aniqlashdan iborat.
Shuningdek, ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, garovga qo‘yish yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda aniqlanadigan qiymatlari o‘zaro mutanosib bo‘lishini ta’minlash, ko‘chmas mulk bozori bo‘yicha muntazam yangilanadigan ma’lumotlar bazasini yaratish va soliq solishda adolatlilik tamoyilini kengroq joriy etish ko‘zda tutilgan.
Ommaviy baholashda obyektlarning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymati qanday amalga oshiriladi?
«Dastlab ko‘chmas mulk bozori to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘planadi, tahlil qilinadi, bir-biriga o‘xshash eng ko‘p obyektlardan namunaviy obyekt tanlab olinadi, hududlar narx bo‘yicha zonalashtiriladi hamda narxga ta’sir etuvchi omillarni inobatga olgan holda obyektlarning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymati aniqlanadi», — deydi Sultonov.
Biroq bunda ko‘chmas mulkning haqiqiy ta’mir holati hisobga olinmaydi. Amaldagi uslubiyatga ko‘ra, barcha obyektlarning ta’mirlanganlik holati «o‘rta» deb qabul qilinadi.
Ommaviy baholash uchun mulkdorlardan alohida haq undirilmaydi. Baholash ishlari davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Sultonovga ko‘ra, mulkdorlar o‘zlariga tegishli ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin qiymatini davreestr.uz yoki my.gov.uz orqali ko‘rishi hamda baholash natijasi yuzasidan norozi bo‘lsa munosabat bildirishi mumkin. Bu majburiy emas va hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi. Ammo munosabat bildirilmasa, baholash natijasi qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Soliq qanday o‘zgaradi?
Sultonov ommaviy baholash natijasida ayrim obyektlarning qiymati 7−15 baravarga oshgani soliqlar ham shuncha ko‘payishini anglatmasligini ta’kidladi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, turar joylar uchun mol-mulk solig‘i bazasi kadastr qiymati asosida belgilanadi. Shu sababli ommaviy baholash orqali aniqlangan qiymat hozircha hech qanday huquqiy oqibat keltirib chiqarmaydi.
«Ommaviy baholash natijasida aniqlangan qiymatni soliq stavkasi yoki soliq summasi bilan tenglashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi», — dedi Sultonov.
Toshkent bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi yakunlanib, «Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingach, soliqqa tortish masalasi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda aholi va tadbirkorlar manfaatlari, ijtimoiy himoya hamda iqtisodiy vaziyat hisobga olinadi.
Ma’lumot uchun, ommaviy baholash bosqichma-bosqich butun respublika hududida joriy etiladi. Jarayon 2025−2026 yillarda Toshkent shahrida, 2026−2027 yillarda Nukus shahri va viloyat markazlarida, 2027 yildan esa respublikaning qolgan hududlarida o‘tkaziladi.





