
Temiryo‘l chiptalarida ortiqcha to‘langan pullar qaytariladi
01.07.2025 | 10:4028703
Temiryo‘l chiptalari sotilishida 800 mingga yaqin yo‘lovchidan noqonuniy ravishda ortiqcha to‘langan mablag‘lar qaytarilishi belgilandi. Bu qaror sud instansiyalari tomonidan ham tasdiqlandi.
Raqobat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, temiryo‘l chiptalari bo‘yicha ortiqcha to‘langan mablag‘lar iste’molchilarga qaytariladigan bo‘ldi. Qayd etilishicha, «Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» AJ va «Shahar atrofida yoʻlovchi tashish» MCHJ 2024 yilda chipta sotish jarayonida vositachilik yig‘imi hisobidan ortiqcha pul undirgan.
Qo‘mita maxsus komissiyasi o‘tkazgan tekshiruvda jami 792 186 nafar iste’molchidan ortiqcha haq undirilgani aniqlangan. Shuningdek, mazkur tashkilotlarga ortiqcha mablag‘larni qaytarish va bundan keyin bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik topshirilgan.
Tekshiruv natijalari asosida qo‘mita qaror chiqargan, biroq temiryo‘l tashkilotlari bu qaror bilan norozi bo‘lib, sudga murojaat qilgan. Bir necha sud bosqichlarida ularning da’volari rad etildi va qo‘mita qarori qonuniy deb topildi.
Sud qarorlariga ko‘ra, «Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi» AJ va «Shahar atrofida yoʻlovchi tashish» MCHJ ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarishi va qo‘shimcha ravishda moliyaviy jarima to‘lashi shart qilib belgilandi.
Qayd etish joizki, Raqobat qo‘mitasi ushbu holat orqali temiryo‘l xizmatlarida adolatli raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muhim qarorga erishdi.





